Mamlakatimizda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda. OʻzA muxbirlari anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Yuriy SAVCHЕNKO, Ukrainaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Kuchli tranzit salohiyatiga ega Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo transport yoʻlaklarini yanada kengaytirish borasidagi tashabbuslari hamkor davlatlarning doim eʼtiborida boʻlib kelgan. Mazkur konferensiya koʻplab mamlakatlardan yetakchi mutaxassislar, kompaniyalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida oʻtayotgani ham buning yaqqol isbotidir.
Oʻylaymanki, anjuman Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini rivojlantirishga oid yangi loyihalarni ishlab chiqishga imkon beradi. Alohida taʼkidlashni istardimki, Ukraina Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo transport yoʻlaklarini yanada kengaytirishga doir tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Aleksey ZAMKOVOY, “Iqtisodiyot va transport taraqqiyoti instituti” aksiyadorlik jamiyati boʻlim boshligʻi (Rossiya):
– Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti kuchli transmintaqaviy tuzilmaga aylanib bormoqda. Ayni jarayonda temir yoʻllar hamkor mamlakatlar oʻrtasidagi faol savdo aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kuni kecha SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyati rahbarlarining Toshkentda oʻtgan ilk uchrashuvida bizning delegatsiya ham ishtirok etdi. Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi muloqot maydonida hamkor mamlakatlar bilan temir yoʻl sohasi imkoniyatlari va transport xizmatlari bozorini kengaytirish, aʼzo davlatlar hududida yangi xalqaro koridorlarni ochish, dengiz portlariga chiqish imkoniyatlari xususida fikr almashdik. Ushbu tadbir ayni jarayonning mantiqiy davomi boʻldi.
Junya HASHIMOTO, Mitsui Bussan Chemicals kompaniyasi vakili (Yaponiya):
– Kompaniyamiz kimyo sanoati xomashyosi, tasviriy sanʼat vositalari, yoʻl belgilari, matbaa mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Ushbu konferensiyada transport sohasida yoʻl belgilari masalalarida yangiliklar kiritish va ushbu yoʻnalishni ilgʻor texnologiyalar asosida takomillashtirish loyihasi bilan ishtirok etmoqdamiz. Hozir ushbu loyihamizning sinov jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu muvaffaqiyatli yakunlansa,mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlik yanada kengayadi.
Hilol Salim al HARUSI, Oman Logistics Center kompaniyasi vakili (Oʻmon):
– Mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti transport-logistik markazlar yaratilishi va ulardan keng foydalanish bilan bogʻliq. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiy etayotgan mamlakatlardan biri sifatida oʻz hududida zamonaviy logistika markazlarinikoʻpaytirayotgani eʼtiborga loyiq.
Eksport va import yuklarini jahon bozorlariga olib chiqish jarayonida koʻrsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash logistikaning muhim shartidir. Anjumanda shu yoʻnalishdagi ishlarga oid loyihalarimiz bilan qatnashdik. Jarayon boshlandi. Oʻylaymanki, tomonlar bilan birgalikda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etamiz.
Jeyms LI, AFG Global Consulting kompaniyasi prezidenti (Janubiy Koreya):
– Bizning kompaniyamiz rivojlanayotgan mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, istiqbolli loyihalar boʻyicha oʻz takliflarini beradi. Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori savdo-sotiq, turizm tarmoqlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatingizga transport yoʻnalishida yangi loyihalarni kiritishimizga zamin yaratmoqda.
Hozirgi kunda Buxoro, Samarqand, Xiva kabi yurtingizning turizm rivojlangan shaharlarini Toshkent bilan bogʻlovchi tezyurar poyezdlar qatnovini koʻpaytirish hamda ushbu shaharlarni boshqa mamlakatlar xalqaro aeroportlari bilan bogʻlovchi aviatashuv tizimini takomillashtirishga oid loyihalarni ishlab chiqmoqdamiz. Konferensiyada bu boradagi hamkorligimizning yoʻnalishlarini har tomonlama muhokama qilib oldik.
Alixon HALID, Sensron Teshnology A.S kompaniyasi mutaxassisi (Turkiya):
– Maʼlumki, iqtisodiyotda ichki va tashqi transport xizmati asosiy ahamiyatga ega. Ichki transport aholi turmush tarzida qulayliklar yaratsa, tashqi transport xizmati davlatlar oʻrtasida savdo-sotiq, turizm sohalari rivojlanishiga xizmat qiladi. Bugungi tadbirga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan transport-logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniya va tashkilot vakillari, yirik investorlar oʻzlarining ilgʻor loyihalari bilan ishtirok etmoqda. Ushbu konferensiyaning tashkil etilishi yurtingizda transport sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilishidan dalolat.