Abdusalom Azizov Tojikistonda hamkorlik mashgʻulotlarini kuzatdi

Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Tojikistonning Soʻgʻd viloyatidagi poligonda hamkorlikda oʻtkazilgan qoʻshma mashgʻulotlarda faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan bir guruh tojikistonlik harbiylarni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirladi. Oʻz navbatida oʻzbekistonlik ilgʻor harbiy xizmatchilar ham Tojikiston mudofaa vaziri tomonidan ragʻbatlantirildi.

Mashgʻulot shartiga koʻra dastlab ikki davlat harbiylari hamkorligida chegara yaqinida aholini asir olgan shartli terrorchi kuchlarning joylashgan joyi uchuvchisiz uchar apparatlari vositasida aniqlandi. Olingan maʼlumotlarga asoslanib, ularni qoʻllab-quvvatlovchi kuchlar aviatsiya va artilleriya zarbalari orqali yoʻq qilindi. Oʻzbekistonlik desantchilar shartli dushman kelishi ehtimoliy yoʻnalishiga pistirma uyushtirdi. Jangovar texnikalar vositasida harbiy xizmatchilar tezkor va aniq harakatlanib, aksilterror operatsiyasini muvaffaqiyatli yakunladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, hamkorlikdagi jangovar operatsiyalarning asosiy qismini Oʻzbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari kuzatib borishdi. Uch kun davom etgan amaliy mashgʻulotlar ikki mamlakat oʻrtasida harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning amaliy koʻnikmalarini oshirishga xizmat qildi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida foydalanilayotgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Qoʻshma mashgʻulotlar yakunida Oʻzbekistonning taniqli estrada xonandalari va harbiy sanʼatkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

IMG_20180921_165102.jpg
IMG_20180921_165112.jpg

 

OʻzA