Lyuk Devin barchani faollikka chorladi

Kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi borasida bosh muzokarachi etib tayinlangan Lyuk Devin barchani faollikka chorladi
Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha Yevropa tashqi faoliyat xizmati boshqaruvchi direktori oʻrinbosari, Rossiya, Sharqiy hamkorlik, Markaziy Osiyo davlatlari va YXHT departamenti rahbari Lyuk Devin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi Kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB) loyihasi borasida boʻlajak muzokaralar jarayonining amaliy jihatlari uchrashuvning asosiy mavzusi boʻldi.
KSHHB boʻyicha bosh muzokarachi etib tayinlangan Lyuk Devin hozirda amalda boʻlgan hujjat oʻrnini egallovchi hamda hamkorlikning keyingi rivojlanishi uchun huquqiy asos boʻlishi kerak boʻlgan yangi hujjat ustida birgalikda faol ishlashga Yevropa Ittifoqida qiziqish borligini tasdiqladi.
Muzokaralarda YEI delegatsiyasi rahbari, Elchi Eduards Stiprays ishtirok etdi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA