Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi tomonidan oʻtkazilayotgan yigʻilishda Prezidentning 2017 yil 23 avgustdagi qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari tarkibida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy boʻlinmalari tashkil etilib, harbiy okruglar qoʻmondonligi bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrdagi farmoniga muvofiq harbiy-maʼmuriy sektorlarga asos solindi. Mazkur muhim yangilik mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Harbiy-maʼmuriy sektorlar “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini taʼminlash boʻyicha ishlarni yangi bosqichda davom ettirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi qonunida mamlakatimizning mudofaa sohasidagi siyosati boʻyicha prinsipial yondashuvlar, ularni qoʻllash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar belgilab berilgan.
Tadbirda vatanparvarlik mavzusini yoritishda teleradiokanallarda efirga uzatilayotgan koʻrsatuv va eshittirishlar tanqidiy koʻrib chiqildi. Ularning sonini va saviyasini oshirish boʻyicha mutaxassislar bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA