HSBC banki boshqarma boshligʻi lavozimda ishlagan oʻzbekistonlik mutaxassis Moliya vaziriga maslahatchi boʻldi

Buyuk Britaniyada nufuzli lavozimda – HSBC banki boshqarma boshligʻi vazifasida ishlagan oʻzbekistonlik mutaxassis Odilbek Isakov Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining maslahatchisi, yangi boshqarma boshligʻi etib tayinlandi.
Odilbek Isakov 1981-yilda tugʻilgan, maʼlumoti oliy, 1998-2000-yillarda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetini tamomlagan.
Buyuk Britaniyadagi Manchester Metropolitan Universitetining Biznes Iqtisodiyoti boʻyicha bakalavri (BA in Business Economics), Stratklayd Universitetining Moliya boʻyicha magistr (MSc in Finance) darajalariga hamda Malakali Moliyaviy Tahlilchi (CFA – Chartered Finance Analyst) kvalifikatsiyasiga ega.
Odilbek Isakov dunyoning eng yirik banklaridan biri HSBC bankidagi 12 yillik mehnat faoliyati davomida Rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash boʻyicha investitsiya bankiri sifatida tajriba orttirgan. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari va davlat tashkilotlari uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qogʻozlar (obligatsiyalar, kredit notalar) chiqarishni va banklar sindikatidan kredit olishni tashkil etish bilan shugʻullangan. 2011-yildan beri umumiy qiymati 115 milliard AQSH dollaridan ortiq 70 dan ortiq muvaffaqiyatli qoʻshma loyihalarni boshqargan.
2016-yil mart oyidan hozirgacha HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qogʻozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan.
Nufuzli “GlobalCapital” nashrining “Jahon moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash boʻyicha eng yaxshi bankir” unvoni uchun 3 karra nominatsiya sazovori boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 
axborot xizmati

 

OʻzA