Toshkentda Oʻzbekiston va Islom taraqqiyot bankining 2018- 2021 yillarga moʻljallangan Strategik hamkorligi muhokama etilmoqda

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hojar boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Ayni vaqtda poytaxtimizdagi “ International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Islom taraqqiyot banki guruhi kuni“ konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sektor vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari yigʻilgan.
Konferensiya Qurʼon tilovati bilan boshlandi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi Suxrob Xolmurodov soʻzga chiqib, mamlakatimiz va Islom taraqqiyoti banki oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, ayniqsa, tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yoʻnaltirilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng koʻlamli hamkorlik qilayotgani, bugunga kelib ITB koʻmagida jami 25 ta loyiha amalga oshirilganini qayd etdi.
ITB guruhi prezidenti Bandar Hojar oʻz nutqida Oʻzbekiston 2003-yildan buyon Islom taraqqiyot bankining teng huquqli aʼzosi ekanligi, oʻtgan yillar davomida aholi yashash darajasini yuksaltirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq va suv xoʻjaligi, transport sohalari boʻyicha birgalikda olib borilgan ishlar sarhisobiga toʻxtalib, endilikda tomonlar investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni yangi bosqichga koʻtarishini maʼlum qildi.
Konferensiya doirasida mahalliy banklar va ITB oʻrtasida yangi kelishuvlar imzolandi.
2018-2021-yillarda Oʻzbekiston va ITBning Strategik hamkorligi muhokamasiga bagʻishlangan konferensiya davom etmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA