“Raqs sehri” xalqaro festivali yakunlandi

Avval xabar berganimizdek, Xorazmda 14-16 sentyabr kunlari “Raqs sehri” xalqaro festivali oʻtkazildi.

Festivalning yopilish marosimi 16 sentyabr kuni Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida boʻlib oʻtdi.

Milliy raqs sanʼatimizni dunyoga targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbufestivalda 17 xorijiy davlatdan, shuningdek, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan badiiy raqs jamoalari, sanʼatkorlar, olim va tadqiqotchilar qatnashdi.

– Men oʻzbek milliy raqslariga juda qiziqaman, – deydi festival ishtirokchisi, indoneziyalik Asri Dvi Xapsari. – Shuning uchun ham ushbu festivalga taklif qilishganida juda xursand boʻlib ketdim. Ayniqsa, festivalning qadim Xiva shahrida oʻtkazilayotgani tadbir ishtirokchilariga yanada oʻzgacha ilhom bagʻishladi. Tashkilotchilar raqs bayramiga yuksak darajada tayyorgarlik koʻrishgan. “Ichan qalʼa” haqidagi taassurotlarim alohida mavzu. Chin maʼnoda ochiq osmon ostidagi muzey. Shahar koʻchalarini kezar ekanman, oʻzimni xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his qildim.

Uch kun davom etgan festival doirasida milliy madaniy merosimiz, sanʼatimiz, milliy qadriyatlar va urf-odatlarimiz, xususan, yurtimizning turli hududlariga xos raqs, hunarmandchilik, tasviriy va amaliy sanʼatning eng yaxshi namunalari, shu bilan birga, oshpazlik yoʻnalishidagi anʼanalar namoyish qilindi.

Ishtirokchilarning Xiva shahridagi madaniy meros obyektlari boʻylab sayohati uyushtirildi. Xiva tumanidagi “Sayyod” madaniyat va aholi dam olish maskanida oʻtkazilgan tanlovda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan raqs jamoalari,yakkaxon raqqosalar qatnashdi. Ayniqsa, yakka va ommaviy raqslar hamda “Xorazm vohasining xalq raqslari” barchada katta taassurot qoldirdi.

– Tanlovda har bir raqs jamoasi oʻz hududiga mos harakatlari, libosi va ijro texnikasi bilan ajralib turdi, – deydi AQSHning Korkoran sanʼat va dizayn maktabi direktori, professor LorelViktoriya Grey. – Oʻynoqi ohang, shoʻx raqslar kayfiyatingni koʻtarsa, mumtoz va maqom yoʻnalishidagi raqslar mulohazaga chorlaydi. Barchasi ajoyib, oʻziga xos va betakror.

“Raqs sehri” xalqaro festivali doirasida milliy taomlar koʻrgazmasi va oshpazlar tanlovi ham tashkil etildi. Unda mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan oshpazlar oʻsha hududga xos taomlar pishirib, oʻz mahoratini namoyish qildi.

– Men vodiycha palov pishirdim, – deydi andijonlik oshpazYoqubjon Moʻminov. – Oshni tatib koʻrgan festival ishtirokchilari unga yuqori baho berdi. Mana shunday katta tantana va toʻylarda doshqozonlarda osh pishirish menga zavq bagʻishlaydi. Ayniqsa, uni ishtahabilan tanovul qilayotganlarini koʻrib, koʻnglimda ajib tuygʻular paydo boʻladi.

Milliy pazandalik maktabimiz azaldan jahonda nom qozongan.

– Oʻzbek milliy taomlari juda yoqib qoldi, – deydi Fransiyaning “France 3” telekanali muxbiri Anayelle Biyanchard. – Hammasi oʻzgacha, bir-birini takrorlamaydigan yoqimli taʼm bor. Palovdan tatib koʻrdim. Bu ovqatning turlari juda koʻp ekan. Festivalda ishtirok etganimdan mamnunman. Chunki festival bahona yurtingiz tarixi, milliy udum va anʼanalar, sanʼat va madaniyat namoyishi bilan tanishdim. Barchasini kameram xotirasiga yozib oldim. Yurtimga qaytgach, taassurotlarim va toʻplagan materiallarim asosida zoʻr lavha tayyorlayman.

Xalqaro festival doirasida “Raqs sanʼatida milliy anʼanalarning ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Urganch tumanidagi Oʻzbek – Turkman doʻstlik uyida tashkil etilgan ushbu konferensiyada raqs sanʼati, uning tarixi va amaliyotiga oidilmiy izlanishlar olib borayotgan qator xorijlik va yurtimiz olimlari,tadqiqotchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

– Anjumanda “Kuylovchi maqom, raqsga tushuvchi maqom” deb nomlangan maʼruzam bilan ishtirok etdim, – deydi yaponiyalik raqqosa Mashuko Mazaki. – Unda 2004 yildan buyon raqsning turkiy musiqiy anʼanalari, mumtoz va folklor sheʼriyati hamda kalligrafiyasini chuqur oʻrganishga qaratilgan loyihasi ustida olib borayotgan ilmiy izlanishlar haqida gapirib berdim. Bugungi anjuman menga juda koʻp xalqlarning raqs sanʼati va uning turlari bilan tanishish imkonini berdi.

Mamlakatimiz olimlari milliy raqs sanʼatimiz tarixi va milliy cholgʻularda chalinadigan oʻyin maqomlari haqida maʼruza qildi.

Konferensiya ishidagi mutaxassis, olim va tadqiqotchilarning ilmiy ishlari, loyihalari alohida toʻplam holida nashr etilishi koʻzda tutilgan. Festival doirasida xorijlik mehmonlar uchun “Xon qabuli” deb nomlangan teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi tashkil etildi.

Bundan tashqari, milliy hunarmandchilik buyumlari savdo-koʻrgazmasi, “Raqs sehri” fotokoʻrgazmasi, tasviriy va amaliysanʼatasarlari badiiy koʻrgazmalari namoyishi, “Milliy va zamonaviy liboslar” koʻrgazmasi, “Milliy qoʻgʻirchoq oʻyinlari” tomoshalari, nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va tiklashgaqaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, xalq oʻyinlari ham ishtirokchilartomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Raqs bayramining yopilish marosimida festival doirasida oʻtkazilgan tanlovlar gʻoliblari taqdirlandi.

“Eng koʻp muxlis olqishiga sazovor boʻlgan raqs ijrochisi” nominatsiyasida italiyalik sanʼat ustasi Ambrodjio Sparanya boshchiligidagi sanʼatkorlar guruhi gʻolib, deb eʼtirof etildi. “Oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼatini xorijda targʻib qilish” nominatsiyasi gʻolibligi yaponiyalik Mashu Komazaki hamda AQSHlik Lourel Viktoriya Grey xonimga topshirildi. “Eng yaxshi xorijlik raqs ijrochisi” deb indoneziyalik Asri Dvi Xapsari topilgan boʻlsa, “Oʻzbek milliy raqsi borasidagi ilmiy tadqiqotlari uchun” yoʻnalishida gʻoliblikka hindistonlik professor Shekxar Chander sazovor boʻldi. Shuningdek, “Eng yosh raqs ijrochisi”, “Eng koʻrkam milliy raqs libosi”, “Eng yaxshi yakkaxon ayol raqqosa”, “Eng jozibali raqs ijrochisi” kabi nominatsiyalar boʻyicha yurtimizning turli hududlaridan kelgan raqs jamoalari, yakkaxon raqqos va raqqosalar taqdirlandi.

Tadbir yakuniga bagʻishlangan gala-konsertda mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari va xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.

Festivalning yopilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov soʻzga chiqdi.

 

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat) OʻzA