Bosma nashrlarning ahvoli qanday?

Bugungi kunda Namangan viloyatida 44 nomda gazeta va 6 nomda jurnal chop etilmoqda. Xoʻsh, ularning iqtisodiy ahvoli qanday? Gazeta-jurnallar adadi va oʻqishliligini oshirish uchun nima qilish kerak?

Namanganda hududiy bosma nashrlarning holatini yaxshilash masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan seminar-treningda shular haqida soʻz bordi.

Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar muharrirlari va mutaxassislar ishtirok etdi.

– Achchiq haqiqat shuki, viloyatdagi bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli, chop etilish adadi qoniqarli emas, – deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boʻlim boshligʻi R.Irisov. – Masalan, eng koʻp adadda chop etilayotgan gazeta viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi muassisligidagi “Bolalar dunyosi” 20 ming, mahalliy hokimliklardan Pop tumani hokimligining “Pop tongi” gazetasi 6 ming nusxada chop etilmoqda. Ayni paytda viloyat xotin-qizlar qoʻmitasining nashri 700, Namangan tumani hokimligining nashri “Istiqlol” gazetasi 1200 nusxada chop etilayotgani achinarli albatta. Bu tahririyatlar faoliyatida tub islohotlar zarurligini koʻrsatadigan raqamlardir.

Seminarda hududiy nashrlarning bugungi holati, menejment va marketing yoʻnalishlaridagi muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar, OAV tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan monitoring natijalari, hududiy nashrlarda axborot tayyorlash – kontent masalasi, jurnalist tekshiruvi olib borish bosqichlari va tamoyillari, islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda jurnalistning roli va kasb etikasi tamoyili kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

 

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA