AQSHning xalqaro diniy erkinlik masalalari boʻyicha elchisi Oʻzbekistonga keldi

AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Sem Braunbek boshchiligidagi delegatsiya 17-sentyabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi.
AQSH delegatsiyasi tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Diniy bagʻrikenglik: Oʻzbekiston va AQSH tajribasi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtadi.
Unda mamlakatimizning qator vazirlik va idoralari mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etadi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va AQSHning Global hamkorlik instituti oʻrtasida memorandum imzolanishi kutilmoqda.

 

OʻzA