Abdulaziz Komilov Mubashir Javed Akbar bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar davlat vaziri Mubashir Javed Akbarni qabul qildi.
Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga boʻlajak tashrifi va Hindiston rahbariyati bilan boʻladigan muzokaralariga tayyorgarlik koʻrish jarayoni uchrashuv kun tartibining asosiy masalasi boʻldi.
Hozirgi vaqtda ikki mamlakatda ham oliy darajadagi Oʻzbekiston-Hindiston uchrashuvining mazmuniy qismi ustida birgalikda ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohada qator muhim tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Shu oʻrinda 2018-yilning 13-14-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining 5-majlisida ishtirok etgan Mubashir Javed Akbar taʼkidlashicha, ikki tomonlama munosabatlar uchun juda muhim hodisa arafasida shu kabi tadbirlarning oʻtkazilishi katta ahamiyat kasb etadi.
Avgust oyida boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 11-majlisida ikki tomon uchun ham manfaatli bir qator istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi. Bir necha kun ilgari Hindistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Nyu-Dehli shahrida boʻlib oʻtadigan “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasi va qoʻshma biznes-forumga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy siyosatning baʼzi masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuvda Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.

 

OʻzA