Fargʻonada Belgorod davlat texnologiya universiteti bilan qoʻshma fakultet ochildi

Fargʻona politexnika instituti bugungi kunda oʻndan ortiq davlatlarning oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining kasb mahoratini yanada oshirish, taʼlim dasturlarini takomillashtirish, bu borada xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Fargʻona viloyatidagi oliy oʻquv yurtlari ham Rossiya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarning oliy oʻquv dargohlari bilan xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha hamkorlik qilib kelmoqda.
Fargʻona politexnika institutida Vladimir Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnologiya universiteti bilan hamkorlikda texnologik jihozlar va komplekslar qoʻshma fakulteti ochildi. Fakultetni tashkil etishdan maqsad oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va boshqa sohalardagi oʻzaro manfaatli integratsion aloqalarni takomillashtirish asosida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdir.
Shuningdek, politexnika instituti Qirgʻizistonning Musa Adishev nomidagi Oʻsh texnologiya universiteti, Belarus davlat texnologiya universiteti va akademik Muhammad Osimiy nomidagi Tojikiston texnika universiteti bilan talabalarni oʻqitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyotini joriy etish boʻyicha shartnoma tuzgan.
2018-2019 oʻquv yilida oʻquv jarayoniga 32 nafar xorijiy professor-oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarni tashrif jadvali shakllantirildi. V.G.Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnologiya universiteti, Ufa davlat neft-texnika universiteti, Voronej davlat texnika universiteti, Novosibirsk davlat universiteti hamda Sankt-Peterburg fizika-texnika institutidan professorlar kelib, talaba va magistrlarga, ilmiy tadqiqotchilarga fizika, matematika, kimyo hamda texnika fanlarining zamonaviy yutuqlari haqida maʼruza qildi.

 

M.Sulaymonov, OʻzA