“Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining beshinchi majlisi

Samarqandda “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining beshinchi majlisi oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi tomonidan Xalqaro ishlar boʻyicha Hindiston kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi tadqiqot markazlari olim va mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Majlisning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov, Xalqaro ishlar boʻyicha Hindiston kengashi bosh direktori T.Raghavan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov va boshqalar ushbu forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida Hindistonga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida oʻtayotgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

–Bugungi kunda Hindiston Oʻzbekistonning muhim tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi, – dedi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori E.Oripov. – Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlari xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstona hamkorlikka asoslangan yuksak darajadagi siyosiy va diplomatik aloqalar bilan ajralib turadi. Prezidentimizning Hindistonga davlat tashrifi esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan bugungi forumda muhokama etiladigan masalalar, bildiriladigan takliflarga davlatimiz rahbarining tashrifi chogʻida oʻtkaziladigan muzokaralar, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bitimlar tuzishda alohida eʼtibor qaratiladi.

Forum yigʻilishlarida Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va kelgusi istiqbollari, taraqqiyotga rahna soluvchi xavf va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar, transport-logistika va investitsiya sohalaridagi hamkorlik muhokama etildi.

Shuningdek, Afgʻonistonda barqarorlikka erishishda mintaqa davlatlarining oʻrni va bu borada qoʻshni davlatga koʻmaklashish yuzasidan fikr almashildi.

Forum ishtirokchilari Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doimiy eʼtibor qaratayotganini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston keyingi yillarda Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy, transport, energetika, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish bilan birga, “Afgʻoniston muammo”sini hal etish boʻyicha xalqaro muloqotlarda faol ishtirok etmoqda. Bu jarayonda “Afgʻonistonni siyosiy jihatdan tartibga solish afgʻonlarning oʻz kuchi va rahbarligida amalga oshirilishi kerak”, degan pozitsiyasida qatʼiy turibdi.

–Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeaniga chiqish boʻyicha transport koridorida Hindiston bilan hamkorlik muhim oʻrin tutadi, – deydi Qozogʻiston Mudofaa va aerokosmik sanoat vazirligi qoshidagi harbiy va strategik tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti V.Alesin. – Shu bois, “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti mintaqa davlatlari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Beshinchi majlisimizda ham ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan ayrim tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish hamda Afgʻonistondagi vaziyatga eʼtibor qaratildi. Bu borada Oʻzbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Forum qatnashchilari Markaziy Osiyo davlatlarining Hindiston hamkorligini mustahkamlashga doir dolzarb taklif va tavsiyalar bayon etdilar.

–“Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining har bir majlisi davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, turli sohalar boʻyicha aloqalarni izchil yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda, – deydi Xalqaro ishlar boʻyicha Hindiston kengashi bosh direktori T.Raghavan. – Oʻzbekiston mezbonlik qilayotgan beshinchi majlisimizda ham Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlaridagi nufuzli “aql markazlari” bilan birgalikda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan muhim masalalar koʻrib chiqilmoqda. Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston bilan axborot-kommunikatsiya sohasida aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Majlis yakunlari boʻyicha Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Xalqaro ishlar boʻyicha Hindiston kengashi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi koʻzda tutilgan.

 

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) OʻzA