Bilamizki, oʻqituvchi va shifokor kabi mutaxassislar vaqti-vaqti bilan malakaviy testlar topshirib, kvalifikatsiyalarini oshirib boradilar. Bu hatto hamshiralar uchun ham qoʻllaniladi.
Ularning bilim darajasi doim nazorat ostida. Savol tugʻiladi, hokim, hokim oʻrinbosarlari, vazirlar mahkamasi xodimlari, umuman, davlat boshqaruvidagi rahbar xodimlari ham shunday imtihon testlarini topshirib turadilarmi?
Ayni savol bilan OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasi boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash fakulteti dekani Otabek Hasanovga murojaat qildi.
“Shu vaqtgacha rahbar kadrlar hech qanday malakaviy imtihonlardan oʻtmagan, faqatgina obyektivka tizimi ishlagan. Endilikda barcha davlat boshqaruvidagi kadrlarni malakasini oshirish niyatidamiz. Shu bilan birga, ular haqidagi maʼlumotlarni internet portaliga joylab boramiz.
Ular barcha uchun ochiq boʻladi. Portal shunday boʻladiki, xohlagan rahbar oʻzini koʻrsata oladi. Tasavvur qiling, Qashqadaryo hokimiyatida ishlayotgan kadrning xorijiy til bilish va siyosiy bilimini aniqlash uchun onlayn test olamiz va uning natijalari ham portalga joylanadi.
Biz bu orqali qayerda qanday kadrlar borligini aniqlay olamiz. Shuningdek, kadrlarni lavozimlarga tayinlashda inson omili kamayadi va lavozimlar oʻsishida obyektivlik taʼminlanadi. Kelajakda barcha davlat xizmatchilarining yagona portali boʻladi. Ushbu portalda masofaviy tarzda malaka oshirish imkoniyati ham yaratilishi koʻzda tutilgan.
Har 6 oyda rahbar kadrlar uchun masofaviy darslar, vebinarlar tashkil etib turiladi hamda har 6 oy oraligʻida rahbar kadrlar bilimi test sinovi orqali tekshirib turiladi. Yaʼni ular doimiy ravishda oʻz ustida ishlashga majbur boʻladilar”.
OʻzA