Oʻzbekiston – Belarus: Yangi ufqlar, istiqbolli kelishuvlar sari

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida 12 sentyabr kuni “Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekiston – Belarus ishbilarmonlari va hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi tomonidan Belarus Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning energetika, mashinasozlik, farmatsevtika, togʻ-kon, oziq-ovqat va yengil sanoat kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik, kompaniya va firmalaridan 500 dan ziyod vakil ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari N.Otajonov, tashqi savdo vaziri J.Xoʻjayev, Belarus Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari M.Rusiy va boshqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik koʻplab yoʻnalishlarda boʻlgani kabi iqtisodiy sohada ham faol rivojlanib borayotgani, bunda oʻzaro ishonch ruhidagi davlatlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Taʼkidlanganidek, davlat idoralari va ishbilarmon doiralar vakillarining muntazam uchrashuvlari iqtisodiyoti bir-birini toʻldiradigan mamlakatlarimizning keng qamrovli aloqalarini amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bermoqda. Mazkur forum doirasida Belarusning umumiy hisobda 300 dan ziyod ishbilarmon, 38 yirik kompaniya boshqaruvi rahbarlari ishtirok etayotgani oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishdan har ikki tomon birdek manfaatdor ekanini koʻrsatdi.

Mamlakatlarimiz savdo-investitsiyaviy hamkorligini tartibga soladigan huquqiy asoslar yaratilgan. Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasida 2008-2017 yillarga moʻljallangan shartnoma va iqtisodiy hamkorlik dasturi, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, daromad va mol-mulk soligʻi boʻyicha soliq toʻlashdan qochish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim shular jumlasidan.

Forumda xalqaro standartlarni joriy qilish sohasida tajriba almashish, kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yaratish, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda hukumatlararo komissiya imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari keng muhokama qilindi. Iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻlgan agrosanoat, innovatsion parklar yaratish, turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish, farmatsevtika boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Bugungi kunda ishlab chiqarish sohasida kooperatsiyani kengaytirishga oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosini yanada oshirish maqsadida Belarus Respublikasida mamlakatimiz tadbirkorlari ishtirokida 6 korxona tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Belarus kapitali ishtirokidagi 30 korxona faoliyat yuritmoqda. Bunda ikki davlat biznes aloqalarida erkin savdo rejimining amal qilishi muhim oʻrin tutmoqda.

Birgina misol. 2018 yilning olti oyi davomida oʻzaro savdo hajmi 229,5 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb toʻrt barobar koʻp. Tarmoqlar kesimida olganda toʻqimachilik mahsulotlari 67,4 foiz, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar 16,6 foiz, transport vositalari savdosi 4,8 foiz oʻsgan.

– Mamlakatlarimiz oʻrtasida faol rivojlanayotgan hamkorlik oʻzaro foydali kelishuvlarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda, – deydi “Belavtomaz” xoldingi bosh direktori Dmitriy Katerinich. – Bugungi forum ana shunday ruhdagi sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish imkonini beradi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini toʻldirish tamoyillariga asoslanadi. Qoʻshma korxonalar faoliyati orqali ikki davlat mahsulotlari uchinchi mamlakat bozorlariga kirib bormoqda. Oʻzbekiston biz uchun ishonchli sherik, mintaqadagi muhim bozordir. Shu bois forumda qiymati 2,5 million AQSH dollari miqdoridagi shartnomalar imzolaganimizdan mamnunmiz. Kelgusida bu raqamni 15-20 million dollarga yetkazish niyatidamiz.

Tadbirda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlik, turizm, tekstil, toʻqimachilik va trikotaj, charm sanoati, qurilish va arxitektura mahsulotlari, shuningdek, xizmatlar eksport-importiga oid istiqbolli shartnomalar imzolandi.

Forum doirasida B2B formatdagi kooperatsion birja ham tashkil qilindi. Unda hamkorlik koʻlamini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish, neft-gaz, togʻ-kon sanoati, metallurgiya, qurilish va qishloq joʻjaligi, oziq-ovqat, turizm sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalar tashkil etish haqida soʻz yuritildi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha 17 ta qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlar hamda 80 dan ortiq manfaatli shartnomalar imzolashga erishildi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA