Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Qonunda yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish nazarda tutiladi. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Fuqarolik kodeksiga, Uy-joy kodeksiga va Soliq kodeksiga, shuningdek “Notariat toʻgʻrisida”gi va “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida sudya sifatida, patent vakili va mediator sifatida, shuningdek, shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida ishtirok etishga doir advokatlarning huquqlari kengaytirilmoqda. Shuningdek, advokat maqomini olish uchun malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha, advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga litsenziya olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovkadan oʻtish muddati olti oydan uch oygacha kamaytirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va Soliq kodeksiga ham oʻzgartishlar kiritilmoqda. Masalan, ijaraga berish shartnomasini, tekin foydalanishga berish shartnomasini fuqarolar tomonidan majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinishi munosabati bilan ichki ishlar organlarining oʻzi joylashgan joy boʻyicha davlat soliq xizmati organlariga har oyda yuqoridagi shartnomalarni majburiy notarial tasdiqlashga rioya etilmayotganligi faktlari toʻgʻrisida xabar berish majburiyati bekor qilinmoqda.
Advokatura instituti samaradorligi tubdan oshirilishi va advokatlar mustaqilligi kengaytirilishi munosabati bilan tegishli oʻzgartish va qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilmoqda. Ularga koʻra, advokatning professional faoliyatiga toʻsqinlik qilingan taqdirda advokatning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzmasdan oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek, ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda sudga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda.
“Notariat toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq, yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan, notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan, malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius boʻlishi mumkin. Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi.
Shuningdek, “Notariat toʻgʻrisida”gi qonunning tegishli moddalariga qoʻshimchalar kiritildi. Unda notariusning mustaqilligi, notarial harakatlarning maxfiyligi, notariusning majburiyatlari kabi bir qator normalar oʻz aksini topgan.
Qonunni muhokama qilish chogʻida ishchi guruh aʼzolari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.