Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Belarus Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston – Belarus ishbilarmonlari va hududlararo hamkorlik forumi davom etmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Nodir Otajonov soʻzga chiqdi va hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari haqida toʻxtalib oʻtdi.
– Mamlakatlarimiz savdo-investitsiyaviy hamkorligini tartibga soladigan huquqiy asoslar yaratilgan, – dedi N.Otajonov. – Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasida 2008-2017 yillarga moʻljallangan shartnoma va iqtisodiy hamkorlik dasturi, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, daromad va mol-mulk soligʻi boʻyicha soliq toʻlashdan qochish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim shular jumlasidan. Ikki davlat biznes aloqalarida erkin savdo rejimining amal qilishi Oʻzbekiston – Belarus savdo aylanmasi hajmini muntazam oshirish imkonini bermoqda.
Birgina misol. 2018 yilning olti oyi davomida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 229,5 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb toʻrt barobarga koʻp. Aniqroq aytganda, eksport hajmi 65 foizdan ziyodroq oʻsdi. Mahsulotlar taqsimotida bu raqamlar quyidagini tashkil qiladi:
Toʻqimachilik mahsulotlari 67,4 foiz, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar 16,6 foiz, transport vositalari 4,8 foizga oʻsgan.
Importda yuk avtomobillari, farmatsevtika, mexanik va elektr texnikalari, kimyo sanoati mahsulotlari asosiy oʻrin tutadi.
Shuningdek, Nodir Otajonov Oʻzbekiston – Belarus hamkorlik istiqbollari sifatida qaralayotgan yoʻnalishlar haqida ham soʻz yuritdi.
– Biz mamlakatlarimiz oʻrtasida agrosanoat, innovatsion parklar yaratish, turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish, farmatsevtika boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga hamkorligimizning istiqbolli tarmoqlari sifatida qaramoqdamiz, – dedi Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari.