Ekspozitsiyada tarix va sanʼat ifodasi

Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida saqlanayotgan har bir osori-atiqaxalqimiz va sayyohlar uchun juda qadrli. Chunki bu yerda nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlatlar oʻtmishi va madaniyatidan xabar beruvchi noyob asarlar oʻrin olgan.

Muzeyning “Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati”, “Rossiya va Gʻarbiy Yevropa davlatlari sanʼati”, “Xorijiy Sharq mamlakatlari sanʼati” deb nomlanganboʻlimlarida chinni, sopol, tosh va somondan yaratilgan 10 mingdan ortiq buyumlar mavjud boʻlib, ular oʻsha davr odamlari hayoti va udumlarini ifoda etadi.

6 (2).jpg

Muzey direktori Vasila Fayziyevaning maʼlumot berishicha, Janubiy koreyalik ishbilarmon Kim Jun Che ekspozitsiyani diqqat bilan toshosha qilar ekan, bu yerda koʻplab xalqlar tarixi jamlanganiga shohid boʻladi. U keyingi safar Toshkentga kelganida, oʻz kolleksiyasini muzeyga taqdim qiladi. Shu tariqa, bugungi kunda nodir jamlanmalar bilan bir qatorda Janubiy Koreya madaniyatini aks ettiruvchiasarlar ham joy oldi.

– Ayniqsa, ular orasida seladondan (yashil tosh) tayyorlangan buyumlar, deylik, choynak, choy toʻplami, shamdon, guldonlar bu yerga keluvchilarning diqqatini tortmoqda, – dedi muzey fondi mudiri Dilshod Istamov. – Somon va sopoldan yuksak did va nafislik bilan yaratilgan idishlar bu xalqning chinakam ijodkor va mehnatkash ekanidan dalolat beradi. Bulardan tashqari, XVIII-XX asrlarga oid Rossiya va Yaponiya chinni buyumlari namunalari ham shu xalqlar anʼanalarini aks ettirgani bilan yanada qiziqarlidir.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov, OʻzA