Yurtimizda yoshlarni milliy va jahon mumtoz musiqasining eng sara namunalaridan bahramand etishga oid koʻplab loyihalar taqdim etilmoqda. Ulardan biri poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida boʻlib oʻtdi.
Muhtasham saroyda Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri hamda Buyuk britaniyalik skripkachi va kompozitor Vanessa Meyning xayriya konsert dasturi yurtimiz yoshlari, sanʼat, madaniyat namoyandalari, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik, idoralar, jamoatchilik vakillari eʼtiboriga havola etildi.
Mamlakatimiz yoshlari oʻrtasida jahon klassik musiqa merosini ommalashtirish va yigit-qizlar iqtidorini ragʻbatlantirish maqsadida Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bu loyiha yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Yosh avlodni istiqlol gʻoyalariga sadoqat, fidoyilik, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusida tarbiyalash, ularning musiqiy saviyasini, dunyoqarashini toʻgʻri shakllantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoshlarni milliy va umumbashariy ezgu qadriyatlarga sodiqlik ruhida kamol toptirish, navqiron avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Yigit-qizlarda ezgu fazilatlarni qaror toptirishda musiqa sanʼatining oʻrni beqiyos. Shu maqsadda yurtimizda turli festival va ijodiy tanlovlar, maʼrifiy loyihalar, rang-barang konsert dasturlarining sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola etilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Yoshlar simfonik orkestri bu borada oldingi saflarda borayotgan ijodiy jamoalardan sanaladi. Ushbu orkestr taqdim etayotgan konsert dasturlari betakror va oʻziga xosligi bilan ahamiyatlidir.
– Bu konsert yoshlarimiz uchun oʻziga xos tuhfadir, – deydi Yoshlar simfonik orkestri dirijyori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Kamoliddin Oʻrinboyev. – Yurtimiz va jahon kompozitorlari asarlaridan iborat ushbu dastur tomoshabinlarga manzur boʻldi, deb oʻylayman.
Mazkur ijodiy jamoaning jahonga mashhur dirijyorlar, musiqachilar, opera xonandalari bilan birgalikda taqdim etgan konsertlarini sanʼat ixlosmandlari yaxshi biladi. Bu galgi konsert Buyuk britaniyalik musiqachi Vanessa Mey ishtirokida tashkil etilgani yurtimiz madaniy hayotida oʻziga xos voqelikdir.
Vanessa Mey 1978 yili Singapurdatugʻilgan. Bugungi kunda Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi sanʼatkor asosan klassik musiqiy kompozitsiyalarni texnik qayta ishlash, sayqallash ustida izlanadi. Motsart, Vivaldi, Paganini, Betxoven, Bax, Verdi kabi klassik musiqa dargʻalarining nomdor asarlari V.Mey talqinida oʻzgacha joziba, maftunkorlik, ohanrabo taʼsir kuchiga ega boʻlgan taronalarga aylangan. Uning ijrosidagi asarlarni tinglab, sanʼatning soʻz bilan taʼriflashga ojiz boʻlgan ajib sehri, ulugʻvorligi, ruhiyatga inʼom etuvchi ijobiy quvvatini yana bir bor teran his etish mumkin. V.Meyning musiqiy disk va maxsus albomlarisanʼat ixlosmandlari oʻrtasida katta shuhrat qozongan.
Musiqiy kechada jahon va oʻzbek kompozitorlari asarlaridan namunalar Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri hamda britaniyalik musiqachi ijrosida yangradi. Muxlislarning davomli olqishi konsertga berilgan eng xolis baho boʻldi.