Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida AQSHning Vebster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan TESL – Ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish akademik dasturi boʻyicha bir yillik magistratura bosqichi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, AQSHning Vebster universiteti xalqaro loyihalar boʻyicha vitse-prezidenti Piter Maxer boshchiligidagi delegatsiya vakillari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHga davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda, jumladan, taʼlim tizimida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu saʼy-harakatlar natijasida 2019 yildan AQSHning Vebster universiteti mamlakatimizda oʻzining toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida mazkur taʼlim muassasasining bir yillik magistratura yoʻnalishi ochilgani bu boradagi ilk qadam boʻldi. 2019 yil yanvar oyidan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida MBA dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan.
– 2018/2019 oʻquv yilida OʻzDJTU va Vebster universiteti hamkorligidagi magistratura dasturida ishtirok etish uchun mamlakatimiz yoshlari bilan birga, Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan hujjatlar qabul qilindi, – deydi OʻzDJTU rektori Gʻanisher Rahimov. – Joriy yilda magistraturaga 200 dan ortiq talaba hujjat topshirdi. Ularning 125 nafari tanlov asosida oʻqishga qabul qilindi.
Bir yillik magistraturada oʻqitish Vebster universiteti oʻquv dasturlari asosida amalga oshirilib, mashgʻulotlar mazkur universitetning malakali mutaxassislari va OʻzDJTUning professor-oʻqituvchilari tomonidan olib boriladi.
Dastur doirasida oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga Vebster universitetining magistrlik diplomi beriladi.