Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro toʻqimachilik anjumani mamlakatimizda toʻqimachilik industriyasini rivojlantirish strategiyasi va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bagʻishlandi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot, Tashqi savdo vazirliklari, toʻqimachilik korxonalari vakillari va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Haydarov, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor, Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen va boshqalar Oʻzbekiston bilan boshqa davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida barcha yoʻnalishlar, xususan, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasining ravnaqida oʻzaro manfaatli hamkorliklar muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Mazkur anjuman 2017 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga asosan mamlakatimizda toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishini taʼminlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda jahon bozorida oʻz oʻrnini egallash chora-tadbirlarini koʻrishga qaratilgani bilan eʼtiborlidir.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, shu yil 13 ta toʻqimachilik klasterlari tashkil etiladi va ular toʻgʻridan-toʻgʻri fermer xoʻjaliklari bilan paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalarini imzolaydi. Albatta, bunday imkoniyatlar tarmoq faoliyatini takomillashtirish, xomashyoni qayta ishlash, yuqori qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha yagona kompleks jarayonni yaratishda muhim omil hisoblanadi.
– 18 davlatdan 250 nafar vakilning ishtirok etishi bu anjumanning nufuzini belgilaydi, – deydi Oʻzbekiston tabiiy tolalar ilmiy tadqiqot institutining Toshkent boʻlimi direktori Sanobar Komilova. – Umuman, yurtimiz toʻqimachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan bu kabi anjumanlar tajriba almashish, ilmiy va amaliy ishlarni oʻrganishda juda foydalidir. Ayniqsa, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya kabi davlatlar vakillarining fikr-mulohazalaridan koʻrish mumkinki, mamlakatimizdagi mavjud qulaylik va oʻzgarishlar ularning qiziqishini orttirmoqda. Bu esa biz uchun toʻqimachilik tarmogʻida xomashyodan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha boshlangan ishlar rivojida foydalidir.
– Yurtingizda katta oʻzgarish va yangiliklarni sezayapmiz, – dedi Xalqaro toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi vakili Olivye Zishank (Shveysariya). – Bunda, ayniqsa, toʻqimachilik sohasiga boʻlgan eʼtiborning yanada kuchaytirilayotgani quvonarli. Federatsiyamiz faoliyati xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, barcha mamlakatlarning toʻqimachilik sohasidagi rivojlanishi va amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar yigʻamiz. Bu maʼlumotlarni toʻqimachilik tarmogʻining ravnaqi uchun amaliyotda qoʻllaymiz. Oʻzbekistonda toʻqimachilik sanoati va kiyim-kechaklarga boʻlgan talab ortmoqda. Bugun tashkil etilgan tadbir ham shu ehtiyojlar samarasidir.
Tadbir doirasida toʻqimachilik sohasini yanada rivojlantirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish, eksport salohiyani oshirish, xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish uchun Bangladesh tajribasini oʻrganish kabi masalalar yuzasidan ham fikrlar almashildi.
Anjuman poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida oʻz ishini boshlagan “UzTextile Expo 2018” birinchi tekstil va moda sanoati va “Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2018” oʻn ikkinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmalarining muvaffaqiyatli oʻtkazilishida muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov soʻzga chiqdi.