Begʻubor orzular ostonasida

5 sentyabr kuni mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida 2018/2019 oʻquv yili boshlandi.

Mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishi va ishtiyoqini tobora kuchaytirishga, oʻqituvchilik kasbining obroʻsini tiklash va oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Yangi oʻquv yilida pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqei va nufuzini yuksaltirish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yuksak maʼnaviyatli, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga oid ishlarni davr ruhiga mos tarzda takomillashtirish, umumtaʼlim maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, sanʼat va madaniyat, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, akademik litseylar bitiruvchilariga aʼlo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlarida faolligi uchun oltin va kumush medallar taʼsis etildi.

Taʼlim muassasalari xodimlarining oylik maoshi oshirildi. Oʻqituvchilar taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan turli yigʻilish va tadbirlarga jalb etilmaydigan boʻldi. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilaridan dars va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish, sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar boʻyicha hisobotlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish qatʼiy taqiqlandi.Bu esa pedagoglarni taʼlim sifati, yoshlar tarbiyasiga tobora koʻproq eʼtibor, vaqt ajratishida, oʻz kasbiga sadoqat, hafsala bilan yondashishida asosiy omillardan biridir.

…Barcha taʼlim maskanlari kabi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 224-umumtaʼlim maktabida ham yangi oʻquv yili tantanali ruhda boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi. Yurtimiz bayrogʻi hilpiraydi. Guldastalar tutgan oʻquvchilar, ustozlar, jamoatchilik vakillarining qalbida hayajon, faxr-iftixor. Oʻzbekistonimizni, istiqlolni, yoshlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikni tarannum etuvchi sheʼr va qoʻshiqlar yangraydi. Yangi oʻquv yilida ilk saboq uchun birinchi qoʻngʻiroq jaranglaydi.

Bir paytlar tumandagi qoloq maktab sanalgan bu bilim maskani sohadagi islohotlar natijasida bugungi kunda ilgʻor oʻquv dargohlari qatoridan oʻrin olgan. Avval maktabda 300-400 oʻquvchi tahsil olgan boʻlsa, bugun ular 1470 ni tashkil etayotgani ushbu oʻquv dargohida taʼlim sifatini oshirishyoʻlidagiintilishlarning amaliy natijasi, deyish mumkin.

– Farzandlarimizning oʻqishga ishtiyoqini yanada kuchaytirish va ragʻbatlantirishga oid ilgʻor tashabbuslarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi maktab direktori Nargiza Azimova. – Yangi oʻquv yilidayangi kutubxona, qoʻshimcha sport zali, stadion, mehnat sinfxonalari barpo etildi. Oʻquv kabinetlari ilgʻor texnikalar bilan jihozlandi. Mohir pedagoglar ijodiy tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda. Oʻgʻil-qizlar uchun shaxmat, mental arifmetika, xorijiy tillar, sport, chevarlik kabi yoʻnalishlarda qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etildi.

– Bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor taʼlimda ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda, – deydi 11-sinf oʻquvchisi Abdulaziz Dadaboyev. – Bunga javoban bildirilayotgan ishonchni oqlash, unga munosib boʻlish, aʼlo oʻqish burchimizdir.

Barcha joylarda boʻlgani kabi ilk saboq – Mustaqillik darsi“Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida oʻtkazildi. Prezident sovgʻasi – 12 nomdagi oʻquv qurollari solingan maktab sumkalari bu yil 1-sinflarga qabul qilingan 645 ming nafardan ortiq oʻquvchiga tantanali topshirildi.

 

N.Usmonova,F.Abdurasulov, O.Mirsoatov (surat),OʻzA