Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 avgustdagi farmoyishiga muvofiq, Jizzax viloyatining investitsion salohiyatini oshirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni jalb etishni koʻpaytirish maqsadida 29-30 avgust kunlari viloyatda xalqaro investitsion forum oʻtkaziladi.
Forumga oʻttizga yaqin mamlakatdan yirik kompaniyalar, xalqaro moliya institutlarining mamlakatimizda akkreditatsiya qilingan vakolatxonalari vakillari, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari taklif etilgan.
Tadbir doirasida ishlab chiqaruvchilarning milliy koʻrgazmasi va shoʻba majlislari, ikki tomonlama uchrashuvlar, “B2B“ va “B2G“ formatdagi kooperatsion birjalarni oʻtkazish, ishtirokchilarning viloyatdagi qoʻshma korxonalarga sayohatlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Forumga ishtirokchilarning kelishi davom etmoqda. Bugunning oʻzida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
28 avgust kuni Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan mahsulot ishlab chiqaruvchilarning milliy koʻrgazmasi ochildi. Unda “Oʻzcharmsanoat“, “Oʻztoʻqimachiliksanoat“ uyushmalari, “Oʻzeltexsanoat“ va “Oʻzbekoziqovqatxolding“ kompaniyalarining elektrotexnika va avtomobilsozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, charm buyumlari va mebel sanoati singari tarmoqlarga oid keng turdagi mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Forumning asosiy tadbirlari ertaga boshlanadi.