Oʻzbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Qirgʻizistonnning Choʻpon-ota shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʻzo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisidagi ishtiroki doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi Adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Memorandumdan koʻzlangan maqsad – xalqaro huquqning umumeʻtirof etilgan tamoyil va normalariga muvofiq huquqiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish va tajriba almashishdan iborat.
Memorandumga muvofiq, inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini himoya qilish, norma ijodkorligi, yuridik xizmatlar koʻrsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish va oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.
Shuningdek, Memorandumda konferensiya, seminar, leksiya va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, qonunchilik va boshqa meʻyoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash amaliyoti, shuningdek, yuridik adabiyotlar va boshqa nashrlar boʻyicha axborot almashish, tomonlar adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan yaqinroq tanishish maqsadida delegatsiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tadqiqotlarni tashkil qilish va oʻtkazish, Tomonlar bilan kelishilgan boshqa tadbirlarni oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Taʻkidlash joizki, imzolangan ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi va ikki mamlakat adliya vazirliklari oʻrtasida huquqiy sohada samarali hamkorlik uchun huquqiy zamin yaratadi.
OʻzA