Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʻati oʻzining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy anʻanalari bilan maʻnaviy hayotimizda muhim oʻrin tutadi. “Shashmaqom” YUNЕSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida eʻtirof etilgani esa sanʻatimizning ushbu noyob turi dunyo miqyosida tan olinganining yaqqol tasdigʻidir.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʻatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom sanʻati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlari oʻzbek milliy maqom sanʻati va uning yoʻnalishlarini keng targʻib qilish, ommalashtirish, eng muhimi, maqom ijrochiligini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Fargʻona zaminidan milliy qoʻshiqchilik sanʻatining turli yoʻnalishlarini dunyoga tanitgan mashhur sanʻatkorlar yetishib chiqqan. Zero, Tamaraxonim ijrosidagi “Omonyor” yallasi, Saodat Qobulovaning “Maysaraning ishi”dagi Oyxon operasi, Berta Davidovaning “Adashganman”, Maʻmurjon Uzoqovning “Mustahzod”, Tavakkal Qodirov ijrosidagi “Fargʻona tong otguncha” qoʻshiqlarining shuhrati hamon tillarda doston. Bu qoʻshiqlar yangraganda qadrdon ovoz sohiblarining siymolari koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi, xalqning orzu-armonlariga yoʻgʻrilgan navolar beixtiyor qalblarda gʻurur tuygʻularini yuksaltiradi. Nufuzli anjuman va festivallarda isteʻdodli yoshlar sanʻatimiz dargʻalari timsoli boʻlib sahnaga chiqadilar. Milliy qoʻshiqchiligimiz gultoji boʻlgan maqom sanʻati namunalarini maromiga yetkazib ijro etadilar. Shunday kezlarda maqom sanʻati oʻlmas xazina, umrboqiy qadriyat ekaniga yana bir bor iqror boʻlamiz. “Ushshoq”, “Tanovor”lar olam aro kezib yurgani gʻururimizni yanada sarbaland qiladi.
Shahrisabz shahrida oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʻati anjumanida Fargʻona viloyatidan 36 nafar ijrochi ishtirok etayotgani ham ulkan eʻtirofdir. Fargʻonalik maqomchilar yirik xalqaro tanlovlarda ham gʻoliblik sahnasida ijro mahoratlarini bir necha bor namoyish etgan.
Bugungi kunda “Sanoi nafisa” nomli viloyat maqom ansambli Margʻilon shahar teatri binosida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu yerda ijodiy jamoa uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Ud, qonun, gʻijjak, chang, tor, tanbur kabi qadimiy cholgʻu asboblari bilan taʻminlangan xonalarda tajribali murabbiylar ishtirokida qizgʻin ijodiy mashgʻulotlar olib boriladi.
– Shu kunlarda tayyorgarlik jarayonini poytaxtda davom ettiryapmiz, – deydi ansambl badiiy rahbari Ahmadjon Abdurahimov. – Mazkur anjuman oʻzining nufuzi, masʻuliyati bilan barchamizni hayajonga solmoqda. Lekin ijrochilarimizning ijodiy mahorati, salohiyati respublika maqom maktabida toblangan. Xalqaro maqom sanʻati anjumanida “Bayot”, “Tanovor”, “Nasrulloyi”, “Bu gulshan soz” nomli qoʻshiqlardan iborat maqom guldastasi namoyish etiladi. Ansambl ijrochilari bilan birga yakkaxon xonandalar Ahadjon Odilov, Sherali Rahmonov ham qoʻshiqlari bilan sahnaga chiqishadi. Ansamblning eng yosh aʻzolari Rishton tumanidagi 26-bolalar musiqa va sanʻat maktabi oʻquvchisi Sodiqjon Soliyev, Toshloq tumanidagi 22-bolalar musiqa va sanʻat maktabi oʻquvchilari Jamoliddin Alijonov, Shukronabegim Odilovaning chiqishlari ishtirokchilarga manzur boʻladi, albatta.
Aziz Abduazimov ham Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi anʻanaviy xonandalik yoʻnalishida tahsilni tamomlab, shu ansamblda faoliyat boshladi. Talabalik yillarida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida, “Oʻzbekiston – Vatanim manim” qoʻshiqlar koʻrik-tanlovida qatnashdi. Joriy yilda “Yangi ovozlar” qoʻshiqlar koʻrik-tanlovining respublika bosqichida “Naylayin”, “Mustahzod” qoʻshiqlari bilan birinchi oʻrinni egalladi.
– Mazkur anjumanda qatnashish menga faxr bagʻishlash bilan birga, zimmamga katta masʻuliyat ham yuklaydi, – deydi yosh maqomchi. – Xalqaro miqyosda maqomchiligimiz namunalarini namoyish etish sharaf. Lekin maqomchilikning oʻziga xos anʻanalari, qonun-qoidalarini toʻla-toʻkis ado etish ijrochidan tinimsiz izlanish, qunt, sabr-toqat talab qiladi. Gʻazal mazmuni, ovoz – ohang musiqiy tovushlar bilan uygʻunlikda ifoda etilishi kerak. Maqom ijrosida past-balandlik darajasi meʻyorini saqlashni sinchkovlik bilan ado etish lozim. Xullas, anjuman biz, yoshlar uchun katta sinov maktabi boʻladi.
Xalqaro maqom sanʻati anjumaniga sanoqli kunlar qoldi. Fargʻonalik maqomchilar ham qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Musiqa va sanʻat maskanlaridan, qoʻshiqsevar insonlar xonadonlaridan kuy-navolar, mumtoz qoʻshiqlar sasi eshitiladi. Bir soʻz bilan aytganda, Fargʻonada tong otguncha mumtoz navolar tinmaydi…