Nukus shahridagi Markaziy dehqon bozorida “Mustaqilligimizga mening tuhfam” shiori ostida tadbirkor, fermerlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi oʻtkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan koʻrgazma-savdoda 50 dan ortiq tadbirkor, fermer va dehqon xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarni namoyish etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida 15 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda. Shulardan 1 ming 455 tasi yangidan ish boshlagan tadbirkorlardir. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi doirasida 49,7 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan. Bu yoshlarning oʻz tadbirkorligini boshlashida muhim ahamiyat kasb etib, tadbirkorlar soni yana ortadi deganidir. Eng asosiysi yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
“ZarDilDilbar” masʻuliyati cheklangan jamiyati rahbari Paruaz Yerejepova tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. Uning tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasida dastlab ikki kishi mehnat qilgan. Ayni paytda Qoraqalpogʻistonning uchta tumanida korxona filiallari tashkil etilgan. 30 nafardan ziyod ishchilar mehnat qilayotgan korxonada paypoq ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilgan. Koʻrgazma savdoda tadbirkor 40 turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Koʻrgazmada faol ishtirok etgan tadbirkorlar, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʻminlashda munosib hissa qoʻshgan ishbilarmonlar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.
Y. Qanoatov, OʻzA