Ushbu qaror davlat rahbarining konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, davlat hokimiyati organlarining oʻzaro kelishib ishlashi va munosabatlari, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish va farovonligini oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jiddiy nazorat oʻrnatishga qaratilgan.
Administratsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni negizida tashkil etilmoqda. Uning rasmiy nomi:
Oʻzbek tilida – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi;
Rus tilida – Administratsiya Prezidenta Respubliki Uzbekistan;
Ingliz tilida – The Administration of the President of the Republic of Uzbekistan.
Administratsiya tarkibiga rahbar, shuningdek, tegishli yoʻnalishlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari faoliyatini boshqaruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi lavozimlari joriy etilmoqda.
Administratsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladigan davlat organi hisoblanadi va bevosita unga hisob beradi. U Prezidentning axborot-tahlil, tashkiliy-nazorat faoliyati nazoratini taʻminlaydi. Davlat rahbari Administratsiya faoliyatini boshqaradi, Administratsiya rahbari esa, Administratsiya tuzilmalari oʻzaro uygʻun va muvofiq faoliyat yuritishini taʻminlaydi.
Ushbu farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayter lavozimi joriy etildi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nutq va maʻruzalarini tayyorlash bilan shugʻullanadi.
OʻzA