Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Joriy yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti oliy darajadagi tashrif bilan Fransiyaga boradi.
Shu munosabat bilan qarorga muvofiq oliy darajadagi tashrifning madaniy-gumanitar qismiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Tashrifning ushbu qismiga tayyorgarlik doirasida Madaniyat vazirligiga, istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan tovarlarni yetkazib beruvchilar, ishlarni bajaruvchilar va xizmatlarni koʻrsatuvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi.
Qarorga muvofiq, Madaniyat vazirligi huzurida Fransiya madaniyat markazi tashkil etildi.
Markaz xarajatlarini moliyalashtirish Madaniyat va sanʻatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
OʻzA