Delegatsiya Orol dengizining qurigan maydonida boʻldi

Yevropa xalq partiyasining Germaniyadagi fraksiyasi aʻzolaridan tashkil topgan bir guruh mehmonlar Qoraqalpogʻiston Respublikasiga keldi.
Mehmonlarni Nukus xalqaro aeroportida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev kutib oldi.
Delegatsiya aʻzolari avval Moʻynoq tumaniga tashrif buyurdi. Tumanda yangidan ochilgan Moʻynoq ekologik muzeyiga va tumandagi boshqa diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirib, hududda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Orol dengizining qurigan hududini koʻzdan kechirgan delegatsiya aʻzolari dengizning qurishi sababli kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf qilish, ekologik muammolarning oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Delegatsiya aʻzolari safar doirasida I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʻat muzeyi, Mizdakxan tarixiy majmuasi, Ayoz qalʻa tarixiy yodgorligiga sayohat uyushtirdi.
Mazkur tadbirda asosiy eʻtibor Oʻzbekiston – Yevropa munosabatlarining joriy holati, mamlakatimizdagi islohotlar jarayoniga Yevropa Ittifoqining tajribasi va moliyaviy-texnik koʻmagini jalb etish, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirish masalalariga qaratilgan.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA