Oʻzbekiston – Belarus: hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Belarus Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Mixail Rusiy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Xalqaro hamkorlik markazida Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Belarus hukumatlararo qoʻshma komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, bank-moliya, qishloq va suv xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash, elektrotexnika kabi sohalar uchun masʻul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya hamraisi N.Otajonov va boshqalar ikki tomonlama hamkorlik koʻplab muhim yoʻnalishlarda izchil rivojlanib borayotganini taʻkidladi. Oʻzaro ishonch va anglashuv asosidagi davlatlararo amaliy muloqot mustahkamlanib borayotgani mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yoʻlida saʻy-harakatlarni birlashtirish imkonini berayotgani qayd etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar rivojida Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning alohida oʻrni bor. Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, aniq mazmun bilan boyitishda uning majlislari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qoʻshma komissiyaning mazkur yigʻilishida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga kutilayotgan tashrifiga puxta hozirlik koʻrish va koʻp qirrali sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida eʻtibor qaratildi.

Majlisda savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilish yakuni boʻyicha protokol imzolandi, 2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.

Shuningdek, Belarus delegatsiyasi aʻzolari Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida boʻlib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari bilan tanishdi. Mehmonlarga mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish, hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi haqida maʻlumot berildi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni roʻyobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi hamkorlik xalqlarimizning yaqin madaniy aloqalari va doʻstlik munosabatlarida ham oʻz ifodasini topgan. Toshkentda buyuk belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas meʻmoriy yodgorligi oʻrnatilishi bu fikrning yorqin dalilidir.

Ushbu meʻmoriy yodgorlik ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan marosimda Belarus delegatsiyasi, mamlakatimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari, turli milliy madaniyat markazlari vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, sanʻatkorlar ishtirok etdi.

Shu kuni mehmonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan tashkil etilgan bir qator muzokaralarda ishtirok etdi. Toshkentning diqqatga sazovor joylarida boʻlib, mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA