Osiyo oʻyinlari-2018. Mannopova finalda

Osiyo oʻyinlari-2018ning taekvando musobaqalari hozircha hamyurtlarimiz uchun ancha omadli kechmoqda.
Bugun 49 kilogacha boʻlgan vazn toifasida dayanga chiqqan vakilimiz Madina Mannopova finalgacha boʻlgan yoʻlni munosib bosib oʻtdi va oltin medal uchun kurashish imkoniyatiga ega boʻldi.
Mannopova birinchi bosqichda gonkonglik Siu Vay Lamni 20:8 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Chorak finalda terma jamoamizning eng yosh vakilasiga livanlik Anna al-Haddad roʻbaroʻ keldi va bu safar ham Madinaxon ishonchli gʻalabaga erishdi – 11:5.
Yarim finalda hamyurtimiz kunchiqar yurt Yaponiya terma jamoasi aʻzosi Miu Yamada bilan kuch sinashdi. Taʻkidlash kerak, ushbu jang Madina Mannopova uchun musobaqadagi hozircha eng jiddiy sinovga aylandi. Hayajonli daqiqalarga boy tarzda kechgan jang 14:11 hisobida yana Oʻzbekiston terma jamoasi aʻzosining gʻalabasi bilan tugadi. Endi Madina Osiyo oʻyinlari gʻolibligi uchun taylandlik taniqli sportchi, Rio olimpiadasi sovrindori, ikki karra jahon va Osiyo chempioni, yoshlar olimpiadasi gʻolibi Panipak Vongpattanakitga qarshi dayanga chiqadi.

 

O’zA