Doston Yoqubov kumush medal sohibi

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining og‘ir atletika bellashuvlari mamlakatimiz sport delegatsiyasi hisobiga navbatdagi kumush medalni taqdim etdi. 69 kilogramgacha bo‘lgan vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Doston Yoqubov dast ko‘tarish musobaqalarida 145 kilogramm natija qayd etdi. Bu ko‘rsatkich unga indoneziyalik raqibi bilan birgalikda “A” guruhida 4-5 o‘rinlarni egallash imkonini berdi. Dast ko‘tarish musobaqalarida KXDR vakili O Kang Chol 153 kilo natija qayd etib, oltin medalga asosiy da’vogar ekanini isbotladi.
Siltab ko‘tarish musobaqalarida esa hamyurtimiz o‘z so‘zini aytdi. Ushbu yo‘nalishda Doston 186 kilo natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirdi. Agar u so‘nggi urinishda 192 kilolik toshni ham o‘ziga bo‘ysundirganida shubhasiz mamlakatimiz sport delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni qo‘shib qo‘ygan bo‘lardi. Biroq, unga biroz omad va kuch yetishmadi. Agar jahon chempionatlarida Yoqubov shunday natija qayd etsa, kichik oltin medalga ega chiqardi. Ammo Osiyo o‘yinlarida medal ikkikurash natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Ikkikurashda terma jamoamiz a’zosi 331 kilogramm natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Oltin medal esa kutilganidek ikkikurash natijasiga ko‘ra, 336 kilo toshni ko‘tara olgan shimoliy koreyalik O Kang Cholga nasib etdi.

 

O‘zA