“Calexi” kompaniyasi ma’lumotiga qaraganda, Kaliforniya ma’muriyati shtatning AQSH tarkibidan chiqishiga ovoz berish to‘g‘risidagi petitsiya uchun imzo to‘plash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Kaliforniya davlat kotibi Shirli Veber aytishicha, tashabbuskorlar iyul oyi oxirigacha 546 651 nafar imzo yig‘ishi lozim, deb yozgan “CBS News

2027 yilga kelib Kaliforniya mustaqil davlat sifatida o‘zini ta’minlay olishini o‘rganadigan, 20 a’zodan iborat komissiya tuzilishi, keyingi yil shu haqda hisobot e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

Kotib tomonidan tasodifiy tanlanadigan komissarlar muayyan talabga javob berishi kerak. Masalan, ro‘yxatga olingan 100 nafar saylovchi tomonidan ko‘rsatilishi, shtat hududida kamida besh yil yashagan bo‘lishi shart.

2028 yil noyabrga mo‘ljallangan ovoz berish byulleteniga quyidagi savol qo‘yiladi: Kaliforniya Qo‘shma Shtatlardan ajralib, erkin va mustaqil davlatga aylanadimi?

So‘rov ma’qullanishi AQSHga nisbatan ishonchsizlik votumi sifatida qabul qilinadi. Tasdiq uchun kamida 50 foiz saylovchining ishtiroki, 55 foiz “ha” javobi talab etiladi.

Ushbu tashabbus davlatga yangi komissiyani saylash va shakllantirish uchun 10 million dollar, yillik amaliy faoliyat uchun 2 million dollarga tushadi.

San-Diyego okrugida joylashgan Mustaqil Kaliforniya instituti shtat mustaqillikka erishishi mumkin, deb hisoblamoqda. Muassasa aholining 60 foizdan ko‘pi “Keyingi 10 yilda Kaliforniya Qo‘shma Shtatlardan tinch yo‘l bilan ajralib chiqsa, yaxshi bo‘lardi” degan fikrga qo‘shilgan so‘rov natijasini e’lon qildi.

Kaliforniyada 40 milliondan kamroq odam yashaydi. Bu Kanada aholisi bilan, deyarli, bir xil. Iqtisodiy jihatdan esa shtat shimol davlatidan kuchliroq: Kanada 2,3 trillion dollar bilan dunyoda 9-o‘rinni egallaydi, Kaliforniyaning 3.9 trillion dollarlik iqtisodiyoti jahon bo‘yicha 5-6-natijaga teng keladi.

AQSH hukumati kaliforniyaliklardan yiliga 560 milliard dollardan ziyod soliq yig‘adi. Demak, ehtimoliy yangi mamlakat mustaqil ravishda umumiy soliqni oshirmasdan, nafaqat harbiylar, balki federal tarzda to‘liq yoki qisman qoplanadigan boshqa dasturlarni moliyalashtirish uchun yetarli pulga ega bo‘la oladi.

G.Sattorova, O‘zA