Idishga Orol dengizi mintaqasi havosini joylagan, chig‘anoqlardan esdalik suvenirlarini yasab, ularning savdosini yo‘lga qo‘ygan qanliko‘llik tadbirkor Zafar Qurbanbayev faoliyati haqida xabar bergan edik.
Yaqinda Qanliko‘l tumanida yana bir ana shunday qiziqarli ish – bunyodkorlikka qo‘l urildi.
Qanliko‘llik hunarmandlar tuman hokimligi ko‘magida “Arba” etnomadaniy markazini bunyod qildi. Markaz A-380 “G‘uzor – Buxoro –Nukus – Beyneo‘” avtomagistrali bo‘yida qurilib, atrofi ko‘kalamzorlashtirildi.
Xalqlar do‘stligini ifodalovchi mazkur madaniy markazda Markaziy Osiyo xalqlariga mansub o‘tovlar tikilgan. O‘tovlarda qardosh xalqlarning milliy taomlaridan tatib, milliy musiqa navolaridan bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Ayni paytda “Arba” etnomadaniy markazida milliy qadriyatlar asosida bezatilgan 200 o‘ringa mo‘ljallangan to‘yxona ham o‘z faoliyatini boshlagan. Tuman aholisi muhtasham va zamonaviy ushbu to‘yxonada yaxshi kunlarini baham ko‘rmoqda.
Tumandagi “Bo‘ston” ovul fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlagan o‘zgacha uslubdagi soyabon-bekat ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda g‘ayrioddiy bekat qurilishi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bekat milliylikni aks ettirgani bilan ajralib turadi.
Tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlardan asosiy maqsad hududda turizmni rivojlantirish hamda hududga xorijiy investorlarning e’tiborini jalb qilishga qaratilgan.
Yesimxon Qanoatov, O‘zA