AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinovaning ma’lum qilishicha, 2024 yilda 15 turdagi mahsulotning eksporti bo‘yicha 71 ta korxona Xitoyning reyestriga kiritilib, bugungi kunda ularning soni 496 taga yetkazildi.
Argentina o‘simliklar karantini xizmati (SENASA) bilan fitosanitariya sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim loyihasi parafirlandi. Joriy yilda belgilangan dastur asosida tadbirlar olib boriladi.
AQSH karantin xizmati (APHIS) va Karantin agentligi o‘rtasida meva-sabzavotlarni radiatsiyaviy zararsizlantirish usulini fitosanitariya chorasi sifatida tan olish bo‘yicha “Ekvivalentlik kelishuvi” imzolandi. Bu esa istiqbolda bir necha turdagi meva-sabzavotlarning eksportini amalga oshirish imkonini beradi.
O‘simliklarni himoya qilish vositalari bo‘yicha EPPO Ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishini 2025 yil 3-5 iyunda Toshkent shahrida o‘tkazish belgilandi. Bu hodisa O‘zbekistonning fitosanitariya sohasidagi salohiyati va yaratilgan sharoitlarni keng jamoatchilikka namoyish etish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.
E’tiborlisi, Karantin agentligi xodimi Sultonmahmud Sultonov EPPO vitse-prezidenti lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylanib, uning faoliyati 2027 yilga qadar uzaytirildi.
Germaniya tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “ALDI” yirik savdo tarmog‘iga har oy 1 mln. dollarlik meva-sabzavot yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Fransiya karantin xizmati bilan elektron axborot tizimlari integratsiyasini yo‘lga qo‘yishga va ilm-fan sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishildi.
Xalqaro talablarga muvofiq Karantin agentligi tizimida dukkakli mahsulotlar eksportida “Sprout” sertifikatlash tizimi joriy etilib, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Koreyaga 2,5 barobar qimmat narxda sotish imkoniyati yaratildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA