14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 33 yil to‘ladi. O‘tgan davrda O‘zbekiston armiyasi yurtimiz tinchligini saqlash, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashda mustahkam tayanchga aylandi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida “Vatan – aziz, jasorat – mangu!” respublika tanlovi tashkil etildi. Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ishlari agentligi binosida mazkur tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami tadbirlari doirasida o‘tkazilgan ushbu tanlovning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tanlov bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, tanlovga taqdim etilgan asarlarda “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” degan ezgu g‘oya mujassam bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tinchlik-osoyishtalik naqadar muhimligi, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” tamoyili hayotimizda barqaror bo‘lib borayotgani, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, jonajon Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashashga chorlov kabi mavzular keng yoritilgan.
Mazkur tanlovda yuz nafardan ortiq jurnalist, yozuvchi va shoir ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari vakillarining jurnalistik materiallari − teleradio, bosma nashrlar va internet jurnalistikasi, shuningdek, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari bo‘yicha jami 8 nafar ijodkor g‘olib deb topildi.
G‘oliblar orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sharhlovchisi Umidjon Qurbonov ham bor. O‘zA muxbirining “uza.uz” saytida e’lon qilingan harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi turkum materiallari tanlovda munosib baholandi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA