Jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan, hayot sifatini ko‘rsatadigan muhim ijtimoiy xizmat hisoblanadi.

Mamlakatimizda bugungi kunda kuniga 10 million nafardan ortiq yo‘lovchi jamoat transportidan foydalanadi. Jamoat transporti rivojlanishi nafaqat shahardagi tirbandliklarni bartaraf etish, balki atmosfera havosiga zaharli gazlar chiqishini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda barcha tarmoqlar qatori jamoat transporti, shu jumladan, Toshkent metropoliteni tizimida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, amalga oshirilgan islohotlar natijasida yangi metro bekatlari bunyod etildi.

Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida so‘nggi 4-5 yil davomida bosqichma-bosqich ravishda 32 ta yangi harakat tarkibi xarid qilindi. 2021 yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, so‘nggi 3 yil davomida zamonaviy turdagi 32 ta yangi harakat tarkibi xarid qilinib, poyezdlarning umumiy soni 68 taga yetkazildi. 2025 yil yanvar-fevral oylarida yana 9 ta harakat tarkibi xarid qilinishi ko‘zda tutilgan edi.

Joriy yil boshida yangi vagonlar olib kelindi. Ushbu harakat tarkiblari yo‘nalishga chiqarilishi uchun kerakli texnik ishlar amalga oshirildi hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Soha vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda xarid qilinayotgan bu turdagi harakat tarkiblari eski turdagisidan tubdan farq qiladi. Ya’ni, salon kengligi, shinam va yorug‘ligi, harakat vaqtida shovqinsizligi, kunning sovuq kunlarida isitish tizimi, issiq kunlarda maxsus sovutish tizimiga ega ekani bilan ajralib turadi.

Bundan tashqari “Xalqlar do‘stligi” hamda “Novza” bekatlarida texnik jihatdan eskirgan eskalatorlarni yangisiga almashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilib, hozirda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda va mazkur jarayon “Paxtakor”, “Mustaqillik maydoni” va “Hamid Olimjon” bekatlarida ham bajarilmoqda. Yo‘nalishlarda ham belgilangan vaqt intervallari sezilarli darajada qisqartirildi.

Metropoliten tizimida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda. Aytish mumkinki, bundan 4-5 yil ilgari metrodan foydalangan yo‘lovchilar soni bir kunda 220-250 mingni tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 1 milliondan ziyodni tashkil etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA