Mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb qilish, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy investor hamda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, investitsiya faoliyatini asossiz tekshiruvlardan himoyalashni kafolatlash, investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, amaldagi investitsiya qonunchiligidagi ilg‘or xalqaro standartlar, jumladan, Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirish zarurati bugungi kunning talabi bo‘lmoqda.
“Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan investitsiyalar va investitsiya faoliyatiga oid asosiy tushunchalar, ushbu faoliyatning asosiy prinsiplari va maqsadlari belgilanmoqda. Investitsiya faoliyatining kafolatlari va uning huquqiy jihatdan himoyasi tartibga solinmoqda.
Xususan, adolatli va teng huquqli munosabatda bo‘lish, investitsiya faoliyatini asossiz tekshiruvlardan himoya qilish, investitsiyalash erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, biznesni boshqarish erkinligi hamda mablag‘larni erkin tasarruf etishga doir kafolatlar belgilanmoqda.
Shuningdek, “ustuvor investitsiya loyihasi” tushunchasi kiritilib, investitsiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik, strategik investitsiya loyihalariga qonunga muvofiq imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.
Investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining kamida 15 foizi chet el investitsiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi amaldagi norma 10 foizga tushirilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18 aprelda Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Dushanbe shahrida imzolangan.
Shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan.
Ushbu hujjat xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlat chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, parlamentlar o‘rtasida parlament diplomatiyasini rivojlantirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, iqtisodiy, investitsiyaviy, fan-texnika, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, mutaxassis va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA