Yurtimiz yoshlarida ta’limga qiziqish oshib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston va Coursera platformasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro sertifikat imtihonlaridan o‘tish yoshlar uchun global mehnat bozoriga yo‘l ochib beradi.
2025-2026 yillarda “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi doirasida xalqaro axborot texnologiyalari sertifikatini olganlar soni 2,5 millionga, professional xalqaro IT sertifikatini olganlar soni esa 30 mingga yetkaziladi. Loyiha doirasida yuqori natija ko‘rsatgan eng yaxshi 2 ta maktabga Prezident sovg‘asi sifatida elektromobillar berilishi ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, onlayn ta’lim platformasi hisoblangan Coursera dunyoning eng nufuzli universitetlari va tashkilotlarida o‘qitish kursi orqali sertifikatlar taqdim etadi. Hozirgacha platformaning 1,4 million o‘zbekistonlik tinglovchisi bor, ularning 49 foizini ayollar tashkil etadi.
Joriy yil Coursera o‘zining oltinchi yillik Global Skills hisobotini e’lon qildi. O‘zbekiston “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi doirasida mavjud ishchi kuchining ulushi bo‘yicha o‘rganuvchilar soniga ko‘ra birinchi o‘rinni egalladi. Ya’ni, O‘zbekiston ishchi kuchini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar bilan ta’minlashga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan mamlakatdir.
Batafsil ma’lumotni videolavha orqali tomosha qilishingiz mumkin.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA