Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib “Barqaror shaharlar va jamoalar – shahar xizmatlari va hayot sifati ko‘rsatkichlari” ISO standarti bo‘yicha xalqaro sertifikat oldi. Bu haqda “Astana TV” xabar tarqatdi.
Poytaxt hokimligining ma’lum qilishicha, ushbu xalqaro sertifikat Ostonaning barqaror shahar rivojlanishi sohasida jahon yetakchilaridan biri ekanligini tasdiqlaydi.
Hujjat dunyodagi yagona sertifikatlash organi bo‘lgan Jahon Urban Data Kengashi tomonidan imzolangan.
Ostona iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va transport kabi 19 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 128 ko‘rsatkich bilan har tomonlama baholandi.
“Barqaror shahar” maqomi Ostona uchun turizmni rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, global hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
G.Sattorova, O‘zA