Adliya vazirligi tomonidan inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu savolga vazirlik axborot xizmati rahbari Shohida Yo‘ldosheva javob berdi:

– 2024 yilda aholining zaif qatlamlari huquqi va manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlar va tashabbuslar amalga oshirildi.

Xususan, avgustda o‘tkazilgan “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi doirasida hududiy adliya organlari tomonidan joylarda 2 mingdan ortiq ommaviy sayyor qabul tashkil etilib, ularda 37 ming nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi.

Ulardan 12,7 ming nafaridan ortig‘iga birlamchi huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, aksiya doirasida 3 ming 586 nafar xotin-qizning muammolari ijobiy hal etilib, 3 ming 332 nafar xotin-qizning real huquqiy himoyasi ta’minlanishiga erishilgan.

Masalan, Andijon viloyatining Paxtaobod va Oltinko‘l tumanlarida homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan ta’lim va tibbiyot tizimida ishlovchi 69 nafar xodimga jami 465 million  so‘mdan ortiq pul mablag‘i to‘lab berilmagani aniqlangan. Adliya organlari aralashuvi bilan mablag‘lar to‘lab berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, aksiya doirasida respublika bo‘yicha xotin-qizlarning mehnat huquqlari himoya qilinganlik holati o‘rganildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha adliya organlari tomonidan 785 ta’sir choralari qo‘llanildi. Shu jumladan, 396 taqdimnoma, 71 ogohnoma, 210 da’vo arizasi kiritildi. Natijada jami 7 milliard 811,5 million so‘m undirib berildi.

Yana bir misol – 14- 28 oktyabr kunlari “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi. Unda ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini  yaqindan o‘rganish maqsadida “Huquqiy targ‘ibot kuni” va “Adliya kuni” tadbirlari, ommaviy sayyor qabullar tashkil etildi.

Xususan, 748 nafar ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxsning muammolari ijobiy hal etilib, 605 nafarining real huquqiy himoyasi ta’minlanishiga erishildi.

Shuningdek, adliya organlari tomonidan “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda 333 marta “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Natijada 183 nafar shaxsning bandligi ta’minlanib, 128 nafar shaxs bepul kasbga tayyorlov kurslariga o‘qish uchun jalb qilindi.

Aksiya doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar va monitoringlar natijasida 600 ga yaqin, xususan, ijtimoiy to‘lovlar bilan bog‘liq 79, mehnat masalalariga oid 171, imtiyozlar bilan bog‘liq 9 ta va boshqa masalalar yuzasidan qonunbuzilish va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan.

Adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 50  taqdimnoma, 31 da’vo ariza, 51 ogohnoma va 10 dan ortiq ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritildi. Natijada fuqarolarga 100 million so‘mga yaqin pul mablag‘i undirib berilishi ta’minlandi, 40 ta qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjatlar bekor qilindi.

Respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan bunday tadbirlar doirasida ishtirokchilarga yuridik yordam olish imkoniyatlari va ularning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Shuningdek, ularning muammolari va huquqiy masalalarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

N.Abduraimova,  

O‘zA