Shu kunlarda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 28-Global Harmonization Working Party – GHWP yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov “Yurtimizda tibbiy buyum va tibbiy texnika sifatini ta’minlashda nazorat” mavzusidagi ma’ruzasi bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida tibbiy buyumlar va tibbiy texnika xavfsizligini ta’minlashda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotda keltirilishicha, mazkur muhim tadbirda Markazning GHWPga a’zolikka qabul qilish haqidagi so‘rovi tashkilotchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, O‘zbekiston milliy tartibga solish organi GHWPga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, GHWP – bu global farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy uskunalarni tartibga solish sohasidagi xalqaro tashkilot bo‘lib, uning maqsadi dori vositalari va tibbiy uskunalarning xavfsizligi va sifatini ta’minlashda global standartlarni muvofiqlashtirish va ularga amal qilishni mustahkamlashdir.

Hozirda GHWPga dunyo bo‘ylab 30 dan ortiq mamlakatning farmatsevtika va tibbiy uskunalarni tartibga solish organlari a’zo bo‘lib, ularning qatorida Yevropa, AQSH, Yaponiya, Koreya, Xitoy va boshqa bir qator mamlakatlar bor. O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi tartibga solish sohasida xalqaro standartlarga muvofiq ishlash, ilg‘or tajriba almashish va muammolarni birgalikda hal etish imkonini beradi.

Mohigul Qosimova, O‘zA