Jonajon Vatanimiz insoniyat tamadduni beshiklaridan biridir. Ona yurtimiz bugun yangi davrga qadam qo‘yib, jahonda Yangi O‘zbekiston nomi bilan qayta bo‘y ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mard va olijanob xalqimiz iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy sohalarda yuksak marralarni ko‘zlab, yangidan-yangi yutuqlarga erishmoqda. O‘zining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, xizmat burchini sharaf bilan ado etayotgan bahodir o‘g‘lonlarimiz ham ulug‘ ajdodlar an’analarini davom ettirgan holda xalqimiz orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, yurtimiz ravnaqi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz tinchligini himoya qilish yo‘lida sobitqadamdir.
Bugun dunyoda kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, uning turli ko‘rinishdagi tahdidlari fonida sodir bo‘layotgan tendensiyalari eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ekanligini yana bir bor anglatmoqda. Zotan, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan vaziyatlarni chuqur tahlil qilgan holda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning milliy va jangovar ruhini yanada oshirish, axloqiy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash eng dolzarb vazifalarimizdan biri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish, tom ma’noda, shon-sharaf ishiga aylanmoqda.
Tarixdan ma’lumki, vatanparvarlik so‘z bilan emas, amaliy harakatlar bilan ko‘rsatilgan, aniq maqsad yo‘lida kuchaytirilgan, tahdidlarga qarshi turishda eng qudratli kuch sifatida maydonga chiqqan.
Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur janglarda yengilmas sarkarda sifatida tarix sahnasida namoyon bo‘lishi zamirida ham harbiy-vatanparvarlik va askarlar ruhiyatiga qaratilgan katta e’tibor, ruhiy tarbiya turgan.
Bugungi xalqaro vaziyat, turli tahdidlar yurt posbonlari oldiga yangicha talablarni ham qo‘ymoqda. Yuksak ma’naviyatli, zamon bilan hamohang fikr yuritadigan, keng dunyoqarash sohibi bo‘lgan harbiy qo‘shinlargina bilagidagi kuchni, ixtiyoridagi jangovar texnika va qurolini boshqalarga qaraganda samarali qo‘llay oladi. Chunki hozirgi dunyoda eng avvalo, insoniyatning ongu tafakkurini egallash uchun urush borayotganini barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Shuning uchun ham muqaddas Vatanni himoya qilish sharafli burch ekani, birinchi navbatda, yoshlarning qalbu shuuriga singdirilmoqda. Boisi globallashuv va manfaatlar to‘qnashuvi yaqqol namoyon bo‘layotgan ayni damda ajdodlarimiz qoldirgan muqaddas meros yosh avlodga namuna sifatida Vatanning sadoqatli himoyachisi, xalqining munosib farzandi bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutadi. Mana shunday ulkan ma’naviy boylik, o‘tmishdagi achchiq saboqlar, mustaqillik uchun mardonavor bosib o‘tilgan shonli yo‘l bugun gullab-yashnayotgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li va buyuk o‘zbek xalqi qurayotgan qudratli mamlakatning asosini tashkil etadi. Prezidentimiz doimo harbiy-jangovar qudrat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarurligini ta’kidlab kelishi bejiz emas.
Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda shu yil 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan belgilab berilgan muhim vazifalar asosida Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va madaniyat departamenti tashkil etildi.
Bu muhim voqea Mudofaa vazirligida harbiy madaniyat va san’at yo‘nalishini takomillashtirish, qo‘llab-quvvatlash, ma’naviyat va madaniyat markazlari, harbiy orkestrlar, kutubxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali boshqarishda yangi amaliy qadam bo‘ldi.
Ma’naviyat va madaniyat departamenti yangi tarkibiy-shtat tuzilishida tashkil etilib, unga Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli, Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestr, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, “Turon” harbiy teatri bo‘ysundirildi.
Shuningdek, joylardagi 5 ta garnizon Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, 16 ta harbiy orkestr hamda 56 ta harbiy qismning Madaniyat markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish ham Departament zimmasiga yuklatildi. Ushbu tizim joriy etilishi natijasida oldin tarqoq bo‘lgan vazirlikning harbiy madaniyat va san’at bo‘linmalari bir maqsad yo‘lida bir maskanda birlashtirildi.
Qisqa vaqt ichida barcha shart-sharoitga ega zamonaviy departament binosining qurib bitkazilishi va foydalanishga topshirilishi esa yurtimizda Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy ishlar yo‘nalishiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.
Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti binosining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Mudofaa, Madaniyat vazirligi rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari, madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar departamentning yangi binosida faoliyatini boshlagan Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli, Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestr, “Turon” harbiy teatri, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining axborot-media boshqarmasi, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati, elektron ommaviy axborot vositalari va veb-resurslar bilan ishlash bo‘limlariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir ishtirokchilarida 280 o‘ringa mo‘ljallangan anjumanlar zali, milliy kontent va maxsus teleloyihalar yaratish maqsadida tashkil etilgan, 300 kv.metrga ega “Armiya studiyasi” paviloni, zamonaviy ovoz yozish studiyasi va telemontaj xonalari katta taassurot qoldirdi.
Anjumanlar zali universal bo‘lib, unda nafaqat anjumanlar yoki ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, balki jonli ijrodagi konsert dasturlari va teatr tomoshalarini namoyish etish, kinozal sifatida foydalanish uchun ham barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Bugungi kunda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti tomonidan harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida davlat va nodavlat telekanallari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston armiyasi”, “Vatanparvar”, “Armiya sporti”, “Men harbiy bo‘laman” ko‘rsatuvlari, informatsion dasturlar uchun xabar va lavhalar, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan, buyuk ajdodlar va milliy qahramonlar haqidagi videoroliklar va videokliplar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, harbiy madaniyat va san’at bo‘linmalari uzoq yillar davomida o‘z binosi va zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan sharoitda faoliyat yuritib keldi. Tabiiyki, bu holat ularning faoliyat samaradorligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Endilikda dunyo tajribasi va zamonaviy infratuzilmalar asosida bunyod etilgan ushbu muassasa nafaqat harbiy xizmatchilar, balki butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviyati, ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish bilan birga madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu muhtasham binoda vatanparvarlik ruhi aks etgan yangicha formatdagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar, ijodiy kechalar, shoir va adiblarimiz bilan davra suhbatlari, konsert va yuqori saviyada sahnalashtirilgan spektakllar, kinofilmlar taqdimotlari muntazam o‘tkaziladi.
Tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan yig‘ilish Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Harbiy xizmatchilarda yuksak vatanparvarlik, yurtga fidoyilik sifatlarini yuksaltirishda madaniyat va san’atning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bilan davom etdi.
Shuxrat Xalmuxamedov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor:
– Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi ezgu maqsadlarni qamrab olgani diqqatga sazovordir.
Sir emas, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini oshirish va milliy hamda jangovar an’analarimiz orqali haqiqiy Vatan himoyachisiga aylantirishda madaniyat va san’atning o‘rni beqiyos. Zero, Qurolli Kuchlar mamlakat chegaralarini himoya qilsa, madaniyat inson qalbi va ongini himoya qiladi.
Harbiy atamashunoslikda POLIGON degan tushuncha bor. Ya’ni poligonda harbiylar jangovar shaylikni oshirish maqsadida muntazam o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar olib borishadi. Mazkur majmua esa harbiy xizmatchilar, jumladan, yoshlarimizning ma’naviy-ma’rifiy, ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda majmuani Mudofaa vazirligining ma’naviy yuksalish poligoni desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi:
– Bu muhtasham koshona mard va jasur xalqimiz tarixi, qahramonligini o‘zida mujassam etgan “G‘alaba bog‘i”, “Qahramonlar nomi barhayot” yodgorlik majmualari va “Shon-sharaf” davlat muzeyiga tutash hududda barpo etilgani chuqur ramziy ma’noga ega. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz janglarda ko‘rsatgan beqiyos jasorat yurtdoshlarimiz, avvalambor, navqiron yoshlarimizning Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada yuksaltiradi, san’atkor do‘stlarimizga yuksak ijodiy ruh, yangi ilhom baxsh etadi, deb umid qilamiz.
Ayniqsa, ushbu koshonaning Olmazor tumanida barpo etilgani muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz bu maskanni aynan shu manzilda, G‘alaba bog‘i majmuasiga tutash hududda barpo qilishni tavsiya etganlarida chuqur ma’no bor. Chunki poytaxtimizning Eski shahar qismida ham shunday ma’naviyat maskani, teatr bo‘lishi hayotiy zaruriyat edi. Endilikda bu majmua poytaxtimizning Olmazor tumanida ilm-fan, dunyoviy taraqqiyot mash’alasi yonadigan, nur taratadigan ziyo maskani bo‘lib xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat harbiy bo‘linmalar, ayni vaqtda tumandagi mahallalarga, maktablarga, umuman, Eski shaharga yangicha ruh va nafas olib kiradi.
Olmazor tumani ahli, avvalambor yoshlarimiz bu yerga kelib, san’atkorlarimizning iste’dodidan, shoirlarimizning haroratli ijodidan bahramand bo‘ladilar.
Ishonamizki, mazkur Madaniyat va ma’naviyat maskani askar va ofitserlarimizning ma’naviy yetuk, o‘tkir aql va xush axloq sohiblari, dunyo maydonlarida hamisha g‘olib bo‘lishlariga munosib poydevor yaratadi.
Otabek Hasanov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:
– Bugun dunyoda turli qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar tobora ortib borayotgan bir paytda inson qalbi, yosh avlod ongi uchun kurashlar ham sezilarli darajada kuchaydi, axborot xurujlari avj oldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”.
Shu bois bu dargohda yaratilgan media imkoniyatlardan yoshlarning mafkuraviy tahdidlar va axborot xurujlariga qarshi immunitetini shakllantirish, media makonda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi milliy kontentlarni ko‘paytirishda samarali foydalanish juda muhim deb o‘ylayman.
Ayniqsa, yoshlarda buyuk ajdodlarimiz shaxsini o‘rganishga, ma’naviy merosini tadqiq etishga qiziqishni uyg‘otish, yoshlarga ularning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda chuqur o‘rgatish va bu boradagi targ‘ibotning ta’sirchan usul va vositalardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Shu maqsadda yaqinda Mudofaa vazirligi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Dasturi” ishlab chiqilib tasdiqlandi. Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda, shubhasiz, ushbu majmua ma’naviy poligon vazifasini o‘taydi.
Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri:
– Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari qiyofasini shakllantirishda “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu an’anani davom ettirish, ayniqsa, ijodkorlar va harbiy xizmatchilar orasida mustahkam aloqa o‘rnatish, yosh avlodni harbiy xizmat va sharafli burchga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida ona yurtga muhabbat, mardlik va jasorat tuyg‘ularini yuksaltirish, bu borada samarali targ‘ibot ishlarini olib borishda madaniyat va san’at ahli, yozuvchi va shoirlar, dramaturg va rejissyorlarimizning hamkorligi nihoyatda muhim.
Mudofaa va Madaniyat vazirliklari hamkorlikda harbiy xizmatchilar va yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, jamiyatda milliy armiyamizga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar va loyihalarni amalga oshirmoqda.
Mana ikki yildirki, aholi va yoshlarni vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy kechalari poytaxtimiz va respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilib kelinmoqda. Bu yilgi tadbirlarda 20 mingga yaqin aholi va yoshlar, harbiylar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Shuningdek, qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Vatanparvarlik ruhidagi eng yaxshi videorolik”, “Vatanparvarlik ruhidagi eng yaxshi qo‘shiq” hamda “Vatanni madh etuvchi eng yaxshi she’r” tanlovini o‘tkazish yuzasidan qo‘shma loyihani amalga oshirishga kirishdik.
Ayni kunlarda “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni!” harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlari ko‘rik-tanlovini o‘tkazilmoqda. Mazkur tanlov orqali yosh avlodda milliy armiyamizga nisbatan faxr, iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan yangi qo‘shiqlar yaratish hamda harbiy-vatanparvarlik mavzusida ijod qilib kelayotgan ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Ayniqsa, harbiy ijodkorlarning davlat tadbirlari, turli madaniy va ko‘ngilochar tomoshalardagi faol ishtiroki yoshlarda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, Qurolli Kuchlardan faxrlanish tuyg‘usining jo‘sh urishi va uning saflarida xizmat qilish istagi kuchayib borishiga turtki bo‘layotganini alohida ta’kidlashni istardim. Yangi inshootda yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar esa bu ezgu va xayrli ishning yanada keng quloch yozishiga ishonaman.
Shuhrat Rizayev, Kinematografiya agentligi direktori:
– Demokratik jamiyatda g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashiladi.
Shu ma’noda, milliy g‘oyani targ‘ib qilish, mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarga vatanparvarlik tuyg‘usini yanada chuqur singdirish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqqanmiz. Ulardan biri “Milliy qahramon” obrazlarini yaratishdir.
Bu obraz tarixiy shaxslarimiz timsoli asosida yaratiladi. Unda zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashtirilgan holda, o‘ziga xos dizayndagi libos hamda personajning tashqi ko‘rinishida jismoniy va g‘ayritabiiy imkoniyatlar aks ettiriladi.
Milliy qahramonlar uchun maxsus ssenariylar yozilib, kinofilmlar, multfilm va seriallar tayyorlanadi va uning doimiy targ‘iboti tashkil etiladi.
Zero, dunyoda vatan tinchligi, vatan taraqqiyotini harbiy xizmatchi va ijodkordan ko‘ra chuqurroq his qiladigan boshqa narsalar kamdan kam topiladi. Chunki hayotimizni hammamiz ijod ahli ham harbiy xizmat ahli ham hayotimizni shu yurtni tinchligi, mustaqilligi va farovonligi, farzandlar kelajagiga bag‘ishlaganmiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.
Bu maskanning tashkil etilgani bizga qanchadan-qancha imkoniyatlar ochib beradi. Yangi-yangi iste’dodlar kashf etiladi. Adashgan, ikkilanib yurgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi bu maskan. Men bunga ishonaman.
Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti:
– Ushbu majmuada faoliyat yuritayotgan respublikamizda yagona bo‘lgan “Turon” harbiy teatri faoliyatiga to‘xtalmoqchiman. Aktyorlar mahorati va ular tomonidan sahnaga olib chiqilayotgan mavzular ko‘lami kengligi va yosh avlodni vatanparvarlik g‘oyasi bilan tarbiyalashga xizmat qilishini alohida e’tirof etmoqchiman. Bu teatr o‘z sahna asarlarini respublikamizning olis hududlarida joylashgan harbiy qismlarida, o‘sha yerdagi aholiga ham namoyish etib kelmoqda. Bugun teatr uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlarni ko‘rib, ochig‘i, juda xursand bo‘ldim va O‘zbekiston Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Adolat fasli” spektali tomoshasini ushbu sahnada ham namoyish etishni niyat qildik.
Yana shuni aytishim joizki, bugun teatrlarimizda harbiy-vatanparvarlik mavzusida 20 dan ziyod sahna asarlari sahnalashtirilib, doimiy namoyish etilmoqda. Xususan, “Adolat fasli”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Ofitserlar”, “Sadoqat”, “Burch”, “Mangu jasorat”, “Bahodir”, “Chegarachi” kabi spektakllar tomoshabinlarning sevimli asarlariga aylangan.
Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining Vatanni va harbiy xizmatni sharaflovchi kuy-qo‘shiqlari, Markaziy harbiy orkestrning jangovar marshlari, “Turon” harbiy teatri va harbiy xizmatchilar tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, “Turon” harbiy teatri jamoasi tomonidan yuqori saviyada tayyorlangan “O‘zbek kelayotir” she’riy kompozitsiyasi davraga o‘zgacha ruh baxsh etdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan “Jadidlar – millatimiz fidoyilari” sahna chiqishlari esa barchaga manzur bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida tinchligimiz va osoyishtaligimizning, chegaralarimiz daxlsizligining mustahkam qalqoni bo‘lgan, ona Vatan himoyasiga hamisha tayyor turgan mard va fidoyi harbiylarimiz, qadamidan o‘t chaqnaydigan bahodir o‘g‘lonlarimizga omonlik tilandi.
O‘zA