Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Atmosfera havosining uzoq masofalarda transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiya Ijroiya organining 44-sessiyasida ishtirok etdi. Konvensiya Yevropa, Shimoliy Amerika va Markaziy Osiyoning 50 dan ortiq mamlakatini birlashtirib, zamonamizning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri — havoning transchegaraviy ifloslanishini hal qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Sir emas, bugun insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer shari aholisi ko‘payishda davom etyapti, tabiiy resurslar zaxirasi esa muttasil ravishda qisqarmoqda.
O‘zbekistonning sessiyadagi ishtiroki mamlakatning Konvensiyaga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga jiddiy intilayotganini ta’kidlaydi. Bu qadam respublikaning ekologik va iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategik rejalariga mos keladi. “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish esa O‘zbekistonga ko‘plab bonuslar olib keladi. Xususan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish suv resurslaridan nooqilona foydalanish, havoning ifloslanishi, o‘rmonlarning qisqarishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va iqlim o‘zgarishi kabi ekologik muammolarni hal etishda yordam beradi.
Sessiya davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan milliy ekologik siyosatning asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi va Konvensiyaga qo‘shilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
– Havo sifati barqaror rivojlanishning asosiy elementidir, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassisi Aziza Sharafova. – Biz O‘zbekiston oldida turgan ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro tajribani qo‘llashdan manfaatdormiz. Konvensiyaga qo‘shilish milliy ekologik tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. 2025 yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani O‘zbekistonning ishtiroki uchun muhim kontekstdir.
Joriy yilda O‘zbekiston xalqaro tadbirlarda, jumladan, Ostona shahrida o‘tkazilgan iqlim va havo sifati bo‘yicha submintaqaviy seminar va Parijda bo‘lib o‘tgan Konvensiya ishchi guruhlari yig‘ilishlarida faol ishtirok etgani e’tiborga molik. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonga havo sifatini monitoring qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro texnika va texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va ifloslanish darajasini kamaytirish vositalaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi Konvensiyaga qo‘shilish yo‘lidagi muhim qadam.
Ijroiya organining 44-sessiyasi yakunida O‘zbekiston Konvensiyaga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan barcha jihatlarni baholagan holda hujjatlar ustida ishlashni davom ettiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA