Bu haqda Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirildi.

Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamni ehtiyoji ta’minlandi.

Endi ro‘yxatga yana 7 turdagi vositalar qo‘shilishi belgilandi.

Ijtimoiy xizmat agentligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda 2025 yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini yetkazib berish topshirildi.

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga bu yil tadbirkorlar 40 ming nogironligi borlarni ishga oldi.

Buni yanada kengaytirish maqsadida 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so‘mgacha grant beriladi. Bunda, ushbu kompaniyalar ishlash istagi bor odamlarni aniqlab, ularni o‘qitadi, korxona talabiga moslashtiradi, ish davrini dastlabki 6 oyida hamrohlik qiladi.

O‘zA