Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining barcha auditoriyalarida darslar davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
O‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, dunyodagi har qanday mustaqil yurt o‘zining ramzlariga, shu jumladan, davlat madhiyasiga ega. Madhiya haqida so‘z borganda, u an’anaviy xarakterdagi qo‘shiqni tantanali ravishda bajarish ma’nosini anglatadi. Shu sababdan, bu ijroda xalqning erki va ozodligi ulug‘langan. Madhiya aytilganda davlatlarning bayrog‘i hilpiraydi, xalq to‘lqinlanadi. Shunday ekan, gerb, bayroq va madhiya xalqning, davlatning tinchligini, birdamligini va hamjihatligini ifodalovchi ramzlardir.
1992 yil 10 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Bu yil ushbu sanaga 32 yil to‘lmoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar jahon davlatlari madhiyalarining paydo bo‘lish tarixi, bir-biridan farqli jihatlari, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining shakllanish tarixi, bugungi kundagi ahamiyati, bu borada qonunchilikda belgilangan me’yorlarning mazmuni haqida ishtirokchilarga keng ma’lumot berdi. Shuningdek, davlat madhiyasi yoshlarda vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib yetishishida katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz madhiyasida qayd etilganidek, “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,Olamni mahliyo aylagan diyor!”
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri