Transfermarkt Fransiya chempionatida to‘p surayotgan futbolchilarning yangilangan transfer narxlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisiga aylandi.

Transfer narxlarining yangilanishi ortidan hozirda “Lans” klubida faoliyat yuritayotgan Abduqodir Husanovning transfer bahosi 12 million yevroni tashkil etmoqda.

Aytish lozim, milliy terma jamoamiz himoyachisi bu mavsum o‘ziga bo‘lgan ishonch va mahorati tufayli “Lans” klubining asosiy futbolchisiga aylandi.

Husanov bir necha marta o‘tkazilgan o‘yinlarning eng yaxshi yoki kamida eng yaxshi futbolchilardan biri, deb topildi.

Bundan tashqari, oktyabr oyida Abduqodir Husanov Fransiya chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.

Husanov ayni paytda Fransiya chempionatidagi markaziy himoyachilar orasida 21-o‘rinni band etgan bo‘lsa, 21 yoshgacha bo‘lgan markaziy himoyachilar o‘rtasida 2-o‘rinni egallab turibdi.  Abduqodir Husanovning ushbu ko‘rsatkichi o‘z navbatida uni O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisiga aylanishiga olib keldi.

Bu o‘zbek futboli tarixidagi ikkinchi natijaga aylandi. 2021 yil Eldor Shomurodov “Roma”ga o‘tganidan keyin uning transfer narxi 14 million yevroga baholangan edi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA