AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaning neft eksportiga qattiqroq sanksiyalar joriy etish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar tarqatdi “Bloomberg” axborot sayti manbalarga tayanib.
– Cheklov choralari hali ishlab chiqilish jarayonida, biroq Bayden jamoasi Rossiya neft eksportiga nisbatan cheklovlarni joriy etish masalasini tezroq ko‘rib chiqmoqchi, -deyiladi xabarda.
Axborot manbalarining qo‘shimcha qilishicha, Bayden xususan, AQSHda yaqinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari fonida bunday choralar yoqilg‘i narxini oshirishi mumkinligidan xavotir olib, ushbu qadamni tashlashga uzoq vaqt ikkilangan.
Agentlik yozishicha, Bayden ma’muriyati neft narxining tushib ketishi va Tramp Kiyevni Rossiya bilan Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun tezkor kelishuv tuzishga “majburlashi” mumkinligidan tashvishlanib, hozirda “ko‘proq tajovuzkor harakatlarga” tayyor.
Xorijiy nashrlarda aytilishicha, AQSH sanksiyalarini kengaytirishning bir modeli neft sotib oluvchi mamlakatlar Qo‘shma Shtatlar tomonidan “jazolanishi” mumkin. “Bloomberg” eslatishicha, Yevropa Ittifoqi yil oxirigacha Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan “soya floti”ga nisbatan ham xuddi shunday choralarni joriy etishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning iyun oyida YeI Rossiyaga nisbatan yangi 14-sanksiyalar paketi doirasida Rossiya Federatsiyasining “soya floti” ga, shu jumladan 27 ta kemaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
O‘z navbatida, Kreml G‘arb bir necha yil avval Rossiyaga qo‘llashni boshlagan va kuchayishda davom etayotgan sanksiya bosimiga mamlakat bardosh berishini ta’kidlab keladi.
Moskvaning ta’kidlashicha, G‘arbda Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishga jasorat yetishmayapti. G‘arb davlatlarining o‘zida ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar samarasiz ekani haqidagi fikrlar bir necha bor aytilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va sanksiyalar butunjahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishini ta’kidlagan edi.
S.Rahimov, O‘zA