Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, transport, energetika va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi.
Prezidentning o‘tgan yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi.
Poyezdlar parki ham kengaytirilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashishda aholi va turistlarga qulayliklar oshirilmoqda. Yangi poyezdlar olib kelindi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga “Afrosiyob” elektropoyezdlarining qatnovlari ko‘paytirildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 3 ming kilometrdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib, poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.
Endi “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.
Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.
Safar chog‘ida davlatimiz rahbari temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.
Toshkent va Xo‘jakent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlarni 2025 yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Xushmanzara tog‘lar bag‘ridagi bu hududning drayveri, albatta, turizm. So‘nggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sog‘lomlashtirish, chang‘i, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.
Xususan, besh yil avval tumanda 2 ming 240 o‘rinli 26 ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, shu davrda sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.
Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 11 oyning o‘zida 12 million nafar tashrif buyurgan.
Bu sur’at izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.
Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali ko‘prik quriladi.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz xizmat turlarini ko‘paytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida e’tibor berish, yashillikni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini ham borib ko‘rdi.
Ugam daryosi bo‘yidagi bu maskan ilgari to‘la foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion so‘mlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta ko‘p qavatli uy qad ko‘tarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari quriladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.
Ushbu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich – ko‘p qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birini kirib ko‘rdi.
Sayyohlar ko‘proq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz soha mutasaddilariga hudud targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Turizm loyihalari tufayli ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, aholining an’anaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi ta’kidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtai nazaridan ham muhim.
Davlatimiz rahbari Bo‘stonliq tumaniga tashrifi chog‘ida “Ugam-1” kichik gidroelektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda energiya quvvatlarini oshirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Xususan, hududlarda kunlik energiya ta’minotida gidroenergetika qulay va samarali. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan har bir hudud va mahalla kesimida elektr bilan ta’minlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois keyingi yillarda bu sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Quvvati 1,48 megavatt bo‘lgan ushbu “Ugam-1” kichik GES qurish orqali yiliga 11,8 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Zamonaviy samarador gidroagregatlar va avtomatik boshqaruv tizimi o‘rnatildi. E’tiborlisi, bunda to‘liq mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlatilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.
Hozircha Ugam daryosida ikkita kichik GES qurildi. Ularning har biridan yiliga ikki yuz milliard so‘m daromad olinayapti. Suv oqimidan takror-takror faydalanish orqali bunday stansiyalarni o‘ntagacha yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu bilan nafaqat energetika masalasi hal bo‘ladi, balki hudud infratuzilmasi ham yaxshilanadi. Tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi korxonalari paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbariga hududlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030 yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakatimiz bo‘yicha ikki mingtagacha mikro va kichik GESlar qurish imkoniyati bor.
Prezident Bo‘stonliq tumanida tashkil etilayotgan yangi turizm maskanida bo‘ldi.
Bu yerda zarur infratuzilma yaratilib, kapsula shaklidagi uylardan iborat zamonaviy dam olish maskani barpo etilmoqda. Shuningdek, restoranlar, dor yo‘llari va chang‘i uchish maydonlari bo‘ladi.
Oynavand kapsula uylarning o‘ziga xos tomoni, ular yengil, ko‘chma, kamxarj. Katta qurilish qilinmasligi bois tabiatga ham ziyon yetkazmaydi.
Davlatimiz rahbari bunday uylarni Baxmal, Shahrisabz, Boysun kabi boshqa turizm maskanlarida ham o‘rnatish sayyohlar e’tiborini tortishini ta’kidladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri