Ma’lumki, 3 dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol televideniye orqali xalqqa yo‘llagan murojaatida mamlakat harbiy holatdaligini e’lon qildi. Bu oxirgi 45 yil davomidagi ilk shunday vaziyat. Zero, qit’amizning mazkur eng rivojlangan davlatlaridan biri ko‘pchilik tomonidan o‘z zamonasining diktatori sifatida ta’riflangan yetakchisi Pak Chon Xi o‘ldirilgan uzoq 1979 yildan buyon harbiy vaziyatga tushmagan edi.

Amaldagi davlat rahbarining ushbu qaroridan so‘ng, kecha Milliy kengash binosi yonida olomon to‘plana boshlagan. Tabiiyki, ichkariga kirish yo‘lagida politsiyachilar tig‘iz saf tortishdi.

Demokratik partiya yetakchisi parlamentdagi barcha a’zolarini yig‘ilishga chorladi. Bu axborotni VVS muxbiriga deputat Xong Ki Von tasdiqlagan. Uning aytishicha, spiker U Von Sik kelishi bilan harbiy holatni bekor qilish masalasi ovozga qo‘yilishi kutilgan. AFP agentligi o‘sha payt inshoot tomiga vertolyotlar qo‘nganini yozib chiqdi.

Janubiy Koreyaning asosiy yangiliklar agentligi “Yonhap” esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali parlament atrofida asta-sekin odamlar to‘palanayotgani, bino ichkarisiga faqat Milliy kengash a’zolari va boshqa tegishli xodimlar hamda OAV vakillari o‘tkazilganini ko‘rsatdi.

Shundan so‘ng “Reuters” 300 deputatdan 190 nafari Yun Sok Yol tomonidan joriy etilgan harbiy holatni bekor qilish qarorini yoqlab ovoz berganini xabar qildi.

Jarayon arafasida bir guruh harbiylar Milliy kengash binosiga kirishga uringan, ularning ayrimlari ichkariga o‘tib olib, bir muddat qolishgan. Ovoz berish yakunlangach, hududni tark eta boshlagan.

VVSning Seuldagi muxbiri parlament binosi yonidagi olomonning norozi kayfiyatiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga qaraganda, odamlar qichqirib, “Harbiy holat kerak emas!”, “Darvozalarni oching!” kabi talablarni qo‘yishgan. Vaqti-vaqti bilan ogohlantiruvchi musiqa (sirena) tovushi yangragan.

Parlamentning asosiy kirish joyi yaqinida politsiya va namoyishchilar o‘rtasida bir necha to‘qnashuv yuz bergani haqida ham xabarlar bor.

Janubiy Koreya konstitutsiyasiga muvofiq, parlamentda ko‘pchilik talabi bilan harbiy holat to‘xtatilishi mumkin. Harbiylar esa Prezidentning o‘zi qarorini bekor qilmaguncha, buyruqqa rioya etishlarini bildirishdi.

Darvoqe, mamlakatda shu yil bahorda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi g‘olibi – Demokratik partiya Milliy kengashdagi mavjud 300 o‘rindan 192 tasini egallagan.

Prezidentning “Xalq kuchi” partiyasi alamli mag‘lubiyatga uchragach, fraksiya yetakchisi Xan Don Xun va Bosh vazir Xan Dok Su iste’foga chiqdi.

OAV yozishicha, mazkur saylovni vakolati tugashiga 3 yil qolgan Prezidentga nisbatan ishonch darajasini ifodalovchi oraliq referendum sifatida baholash mumkin.

Xullas, shundan so‘ng “Demokratik partiya” Yun ma’muriyatini mas’uliyatsizlikda aybladi, “Koreya innovatsion partiyasi” yetakchisi, sobiq adliya vaziri Cho Guk esa davlat rahbarini yanayam keskin va qo‘pol tarzda haqorat qildi. O‘z navbatida Prezident parlamentni o‘zi ilgari surayotgan tashabbuslarni amalga oshirishga yo‘l bermayotganlikda aybladi.

VVSning Seuldagi muxbiri eslatishicha, Prezident o‘zi uchun zarur qonunlarni tasdiqlata olmagan. Buning o‘rniga, shunchaki, muxolifat tomonidan qabul qilingan har qanday qonunga veto qo‘yishiga to‘g‘ri kelgan.

Masalan, shu hafta Demokratik partiya hukumat va Prezident partiyasi tomonidan taklif qilingan byudjetni qisqartirdi. Binobarin, bu hujjatni Yun Sok Yol taqiqlay olmaydi.

Darvoqe, davlat rahbarining rafiqasi Kim Gon Xi 2023 yil bir mojaroga aralashib qolgan edi. Ya’ni, u omma oldida “Dior” brendiga tegishli, ehtimol sovg‘aga olingan, qimmatbaho sumka ko‘targan holatda paydo bo‘lgan. Qonun esa siyosatchilar va ularning turmush o‘rtoqlari qimmat sovg‘alar olishini rasman man etadi. Tabiiyki, o‘shanda Yun Sok Yol ayoli uchun kechirim so‘rashga majbur bo‘lgan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA