Asosiy maqsad xavfsizlikni ta’minlashmi yoki ikkinchi tomonni yengish?
Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasi global xavfsizlik qurilmasida muhim o‘rin egallaydi. Ushbu maqolada Ukraina NATOga qo‘shilishi bilan qanday o‘zgarishlar yuz berishi, Rossiya jarayonga qanday munosabat bildirishi mumkinligini tahlil qilishga urinamiz.
Nega aynan NATO?
Xavfsizlik va mudofaa. NATOga kirish Ukraina xavfsizlik tizimini mustahkamlash imkonini beradi. Mazkur alyans jamoaviy mudofaa tizimi bo‘lib, tuzilma nizomining 5-moddasi biror a’zo davlatga qilingan hujum boshqalarga ham tahdid sifatida qabul qilinishini nazarda tutadi. NATOga a’zolik Ukraina uchun strategik himoya kafolatini taqdim etishi, ayniqsa, Rossiya bilan davom etayotgan mojaro sharoitida juda dolzarb.
Siyosiy integratsiya. NATOga qabul qilinish Ukraina uchun nafaqat harbiy, balki siyosiy jihatdan ham muhim. Ayni jarayon Ukrainani G‘arbning demokratiya va qonun ustuvorligi tamoyillariga yaqinlashtiradi. Natijada ichki islohotni kuchaytirish, iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish imkoni paydo bo‘ladi.
Mintaqaviy barqarorlik. Ukrainaning NATOga a’zoligi butun Sharqiy Yevropa mintaqasidagi geosiyosiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin. Mintaqadagi boshqa davlatlar, masalan Gruziya yoki Moldova ushbu yangilikdan ilhomlanib, G‘arb bilan integratsiyani kuchaytirishga intiladi.
Rossiyaning munosabati. Tabiiyki, Rossiya Ukraina NATOga qo‘shilishini rad etadi va buni milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi. O‘z chegaralari yaqinida harbiy faollik kuchayishi, NATO mudofaa hududi kengayishini qabul qila olmaydi. Bunga javoban harbiy kuchini joylashtirishi, mavjud infratuzilmani kuchaytirishi aniq. Masalan, 2021-2022 yillari Ukrainaga qarshi harbiy amaliyot kuchaytirilishi shu jarayonning bir bo‘lagi.
Moskva diplomatiya maydonida ham faollashadi: NATO kengayishini to‘xtatish maqsadida boshqa mamlakatlarga bosim o‘tkazishga urinishi mumkin. Shuningdek, RF mintaqaviy ittifoqchilar va hamkor tashkilotlar (masalan, ODKB)ni kuchaytirishga harakat qiladi.
Shunday qilib, Ukraina NATOga qabul qilinishi global xavfsizlik tizimida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bu voqea nafaqat Ukrainaga xavfsizlik kafolatini taqdim etishi, balki mintaqaviy barqarorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilyapti. Rossiya bu jarayonni rad etib, harbiy faolligini oshirayotgani esa xalqaro munosabatlarda yangi ziddiyatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.
Nima bo‘lganda ham vaziyat umumiy nazorat ostida bo‘lgani ma’qul. Ishonamizki, xalqaro jamoatchilikning birgalikdagi harakati muammolarni hal qilish, masalaga qulay yechim topish, barcha mamlakatlar va xalqlarning barqaror kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA